Traxoma

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Traxoma (yun. trachus — gʻadir-budir) — koʻz shilliq pardasining surunkali yalligʻlanishi bilan kechadigan yuqumli kasallik. T.ni chlamydia trachomatis bakteriyasi qoʻzgʻatadi. Bemor kasallikning asosiy manbai hisoblanadi.

Traxomaga chalingan bemorda jarrohlik amaliyoti

Sogʻlom koʻzga kir qoʻl yoki uy-roʻzgʻor buyumlaridan (koʻpchilik bitta yostiq, sochiq, adyol va boshqa buyumlardan foydalanganda) yuqadi. Bolalar bogʻcha va yaslilarda oʻyinchoqlar orqali zararlanishi mumkin. T. sezilarsiz boshlanib, asta-sekin zoʻrayadi. Avvaliga koʻzga bir narsa qadalgandek, qovoqlar ogʻirlashgandek tuyuladi. Yuqori qovoq shilliq pardasida shish va follikulalar — donachalar paydo boʻladi, koʻz qizaradi va qovoqlar toraya boradi. Bemor yaqinda uyqudan turgandek yoki chala uxlagandek boʻladi. Kasallik avj olganda koʻz muguz pardasida ham donachalar paydo boʻla boshlaydi. Bunda koʻz yoshlanadi, bemor koʻzini ocholmay qoladi. Qovoq chetidagi yushriklar oʻzagi chandiqlanib, ular notoʻgʻri oʻsib chiqadi va koʻz muguz pardasiga taʼsir etib, unga qadalaveradi. Qovoq shilliq pardasida chandiqlar paydo boʻlishi natijasida pastki qovoq cheti ichiga qayriladi. Kasallik yengil, oʻrtacha va ogʻir kechishi mumkin. U koʻp jihatdan bemor organizmi holatiga bogʻliq boʻlib, organizmda moddalar almashinuvining buzilishi kasalliklari, vitaminlar yetishmasligi, mahalliy kasalliklarning qoʻshilishi va boshqalarda birmuncha jiddiy kechadi.

T. oʻz vaqtida aniqlanib davolanmasa, 5—10 yillab davom etib, bemor butunlay koʻr boʻlib qolishi mumkin, chunki koʻz muguz pardasini namlab turadigan koʻz yoshi yoʻllari chandiqlanib, bekilib qoladi, natijada muguz parda qahrab, oppoq oqarib, sadafga oʻxshab koʻrinadi.


[1]Kasallikning oldini olishda shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish, aholining madaniy turmush darajasini oshirib borish katta ahamiyatga ega. T.ga gumon qilinganda darhol vrachga koʻrinish lozim; bemor toʻgʻri va muntazam davolansa, butunlay sogʻayib ketishi mumkin. Hozirgi T. deyarli uchramaydi.




  1. Oldini olish