Kontent qismiga oʻtish

Toksoplazmoz

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Toksoplazmoz — ichki aʼzo va sistemalar funksiyasini izdan chiqaradigan parazitar kasallik; bir hujayrali sodda hayvon — toksoplazmalar qoʻzgʻatadi. Odam, hayvon (choʻchqa, quyon, qoramol, qoʻy, kiyik, tulki, olmaxon, yumronqoziq) va parrandalar (tovuq, oʻrdak, kaptar)da uchraydi. Kasallik manbai, asosan, itlar, mushuklar va T. bilan ogʻrigan bemor hisoblanadi; ular oʻzlarining soʻlagi, siydigi, najasi, suti, burun shilimshigʻi orqali tashqi muhitga koʻplab kasallik qoʻzgʻatuvchisini tarqatadi. Toksoplazmalar odamga ovqat mahsulotlari (xom goʻsht, pishirilmagan sut, xom tuxum) orqali, shuningdek, bevosita kasal hayvonlar bilan muloqotda boʻlganda (chorvachilik xoʻjaliklari va goʻsht kti xodimlari yoki teriga ishlov beruvchilar) yuqishi mumkin. Uy sharoitida, ayniqsa, ayollar qiyma taʼmini totib koʻrganida ham toksoplazma yuqadi. Toksoplazma shilliq pardalar (ogʻiz, burun, koʻz shilliq pardasi) yoki chaqalangan teriga tushishi, shuningdek, transmissiv va boshqa yoʻllar bilan yuqishi mumkin. Odam organizmiga tushgan toksoplazma qon tomirlar orqali turli aʼzolar (miya, koʻz, jigar, taloq, yurak va limfa bezlari)ga tarqaladi va shu aʼzolarning zararlanishiga sabab boʻladi.

Tugʻma va orttirilgan T. farq qilinadi. Tugʻma T.da kasallik ona organizmidan qon orqali homilaga oʻtadi. T. homilaga dastlabki oylarda yuqsa, bola tushadi yoki ulik, yoxud majruh boʻlib tugʻiladi. Orttirilgan T. oʻtkir va surunkali kechadi. Oʻtkir T.da bemor isitmalaydi, boshi, muskullari ogʻriydi; limfa bezlari, koʻz, teri, miya qobiklari va ichki aʼzolariga putur yetadi. Surunkali T. yillab choʻzilishi mumkin. Bunda bemorning temperaturasi yuqori boʻladi, boshi ogʻriydi; quvvatsizlik, asabiylashish kuzatiladi; koʻrish, xotira va ish qobiliyati pasayadi; jigar, taloq va limfa bezlari shishadi; gepatit, miokardit, zotiljam yuzaga kelishi mumkin.

Kasallikning oldini olish uchun kasal uy hayvonlarini aniqlash va ularni ajratib qoʻyish; bolalarni it, mushuk bilan oʻynashlariga yoʻl qoʻymaslik lozim. Isteʼmol qilinadigan goʻsht, sut mahsulotlarini albatta yaxshilab pishirish yoki qaynatish kerak.