Tohir Abutayyibiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Tohir Abutayyib ibn Abdulloh ibn Tohir
Umumiy maʼlumot
Tavalludi noma’lum
Somoniylar davlati
Vafoti 913-yil
Somoniylar davlati
Kasbi musiqashunos

Tohir Abu Tayyib ibn Abdulloh ibn Tohir (tug‘ilgan yili noma’lum — vafoti 913-yil) – yetuk musiqashunos, somoniylar davri musiqa ilmining yirik vakili. IX—XI asrlar musiqa ilmiga ulkan hissa qo‘shgan nazariyotchi.

Hayoti va faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tohir Abutayyibiy yoshligida musiqaning nazariy asoslarini chuqur egallab olgan. U qadimgi yunon donishmandlari Arastu, Aflotun, Nikomax, Batlimus va Pifagorlarning asarlarini chuqur o‘rganadi, ularning musiqaga doir asarlariga sharhlar yozadi[1]. Ayrimlarini arab tiliga tarjima qiladi, o‘zi musiqa nazariyasiga oid „Kitob-ul-odob ul-g‘ino“, „Kitob-fy-nag‘am“ kabi mukammal asarlar yaratadi, u bu asarlarida musiqaga ilm va san’at sifatida baho berib, o‘z nuqtayi nazarini bildiradi, soz va ovozning kishi ruhiga ta’sirini asoslab beradi[2].

Abutayyib Tohirning Aflotun asari hisoblangan „Musiqa qonunlari“ni mukammal tarjima etganligini Ibn Usabiya o‘zining „Uyun-ul-anba’“ asarida, Ibn Nadim esa o‘zining „Fehrist ul-ulum“ asarida qayd etgan. Abutayyib Tohir o‘zining musiqa nazariyasiga oid asarlarida Eron xalq musiqalariga e’tibor bergan holda somoniylar davri soz va ovoz musiqasining afzallik tomonlarini ochib beradi. Xususan, „Kitob-fy-nag‘am“ („Qo‘shiqlarga oid kitob“) asarida islomgacha bo‘lgan qadimiy tarona va ohanglar haqida ma’lumot berib, ayniqsa, „Xusravoniyot“ va „Forsiyot“ ovoz silsilasiga ahamiyat beradi. Shuningdek, somoniylarning „choma“, („chakomak“), „tranak“ („tarona“), „patvoja“ („pahlaviyot“) kabi musiqalariga ta’rif berar ekan, ularni IX—X asr musiqasi bilan bog‘laydi. Tohir Abutayyibiy qoldirgan musiqa nazariyasiga oid merosdan hozirgi musiqashunoslar ham samarali foydalanib kelmoqdalar.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Alimatov, Sh.T (2019). „THE EFFECTS OF ANCIENT GREEK CULTURE ON UZBEK MUSIC CULTURES“. Экономика и социум. 6 (61)-jild. 3-bet.
  2. Тўраев Ф. Бухоро муғаннийлари. Тошкент: Фан, 2009. — 6 bet. ISBN 978-9943-09-643-1.