Kontent qismiga oʻtish

Togʻay

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Togʻay — odam, baʼzi umurtqasiz hayvonlar va umurtqali hayvonlardagi biriktiruvchi toʻqima turi; kollagen tolalar, hujayralararo zich moddadan iborat boʻlib, unda T. hujayralari (xondroblastlar va xondrotsitlar) joylashgan. Tayanch funksiyasini bajaradi. Odam va hayvonlarda T. hamma suyaklarning tutashgan joyida, qovurgʻaning koʻkrakdagi uchida, quloqda, traxeya va bronxlar devorida va boshqa sohalarda uchraydi. Gialin, elastik va tolali T. farqlanadi. Nafas yoʻllari, qovurgʻalarning oldingi uchlari gialin T.; hiqildoq, tashqi eshituv yoʻli, quloq suprasi elastik T.dan iborat. Umurtqalar tanasining orasi tolali T. dan tuzilgan. Embrionda T. skeletning koʻp qismini tashkil qiladi, voyaga yetgan organizmda (T. li baliqlardan tashqari) suyaklarning boʻgʻim yuzasinigina qoplab turadi va qovurgʻalar, hiqildoq, kekirdak, bronxlar, quloq suprasi, burun va boshqa joylarda uchraydi.