Bronx

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bronx, bronxlar (yun. bronchus — nafas nayi) — odam va yuqori tuzilgan umurtqalilar kekirdagining havo oʻtadigan naysimon tarmoqlari. Kekirdak (traxeya) 4—5koʻkrak umurtqasi qarshisida oʻng va chap B.ga boʻlinadi (bifurkatsiya). Oʻng B. chap B.ga nisbatan yoʻgʻon va kalta, chap B. esa uzun va ingichka; oʻng B. deyarli vertikal yoʻnalgan boʻlib, kekirdakning davomi hisoblansa, chap B. kekirdakdan chapga burchak hosil qilib chiqadi va bir oz gorizontal yoʻnalgan boʻladi. B. togʻay halqalardan tuzilgan, ular oraligʻini fibroz parda toʻldirib turadi. Asosiy B. oʻpka darvozasiga kirib, oʻpka ichida avval boʻlak bronxlariga, soʻngra segmentar bronxlarga boʻlinadi. Ikkala oʻpkada taxminan 1000 boʻlak B. boʻladi. B.lar bronxiolalargacha tarmoqlanib borib, bir butun bronxial "daraxt"ni hosil qiladi. B. oʻpka ichida tarmoqlanib, ingichkalashib boradi, eng oxiri, eng mayda B.ning uchi pufakchalar bilan tugaydi. Havo almashinish jarayoni pufakchalar, alveolalarda boʻladi; havo nafas yoʻllarining hammasidan oʻtadi, chunki nafas naychasining devorlari togʻaylardan tuzilgani uchun ular puchayib qolmaydi. B. shilliq qavati kiprikli epiteliy bilan qoplangan boʻlib, unda shilliq bezlar juda koʻp. Ular nafas yoʻliga tushgan yot jismlarni chiqarib yuboradi. havo yoʻllari esa nafas olganda havoni tozalab, namlab, ilitib pufakchalarga yoʻnaltiradi. Ikkala oʻpkada taxminan 300—500 mln. alveolalar boʻlib, 30—100 m2 sathni tashkil etadi. Koʻp hayvonlarda kekirdak (traxeya) ikki asosiy B.ga boʻlinadi. Sudralib yuruvchilar, qushlar va sut emizuvchilarda B. yaxshi rivojlangan boʻlib, oʻpka ichida davom etadi. Sudralib yuruvchilarda asosiy B.dan ikkilamchi B., bundan esa uchlamchi, toʻrtlamchi va sh.k. tarmoqlar ajralib chiqadi; toshbaqa va timsohlarda B.ning boʻlinishi ayniqsa murakkab. Qushlarda ikkilamchi B. parabronxlar degan kanallar bilan tutashadi, bulardan radiuslar boʻyicha bronxiollar chiqadi, bronxlar esa tarmoklanib, havoli kapillyarlarga oʻtadi. Bronxiollar va havoli kapillyarlardan tutash havoli yoʻllar vujudga keladi. Asosiy B. ham, baʼzan yon B. ham uchidan kengayib, havoli xalta hosil qiladi. Sut emizuvchilarda har bir asosiy B. dan ikkilamchi B. chiqadi, bu esa tobora mayda tarmoqdarga boʻlinadi; eng mayda tarmoqlar alveolyar yoʻllarga oʻtadi, bular esa alveolalar bilan tugaydi.

I usually do not drop a comment, but I read a few gegkekbdfcabfaac