Titish mashinasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Titish mashinasi (toʻqimachilikda) — paxta, jun, kanop, zigʻir va boshqa tolalarni yigirishga tayyorlash maqsadida xaschoʻp va nuqsonli tolalardan tozalash va yoyib yumshatish qurilmasi. Yigiruvchilik va tolali materiallarga dastlabki ishlov berishdagi texnologik qurilmalardan biri. Mas., paxta tolasini titish uchun moʻljallangan Titish mashinasi taʼminlash bunkeri, valik (joʻva) lar, titish organi (qoziqli baraban), panjara (kolosnik), ventilyator, toʻrli barabanlar, titkichsavagichdan iborat. Titiladigan tolalar uyumi taʼminlash bunkeriga solinadi, valiklar va taʼminlash silindrlari ularni qozikli barabanga bir xil qalinlikda uzatib turadi. Baraban aylanganda qoziklari tolalarni titadi, shunda xaschoʻp va nuqsonli tolalar asosiy massadan ajralib, kolosnik orqali chiqindilar kamerasiga tushadi. Ventilyator hosil qiladigan kuchli havo oqimi titilgan va tozalangan tolalarni toʻrli barabanlarga uzatadi. Bu yerdan tolalar qatlami titkichsavagichga oʻtadi. Bu yerda yana titilib va tozalanib, navbatdagi mashina (yigirish mashinasi)ga uzatiladi. Titish mashinasining ish surʼati tolalar uzunligi birligiga yoki tolalar massasi qatlamiga toʻgʻri keladigan zarblar bilan belgilanadi.