Tintoretto Yakopo

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

TINTORETTO (Tintoretto, asli Robusti, Robusti) Yakopo (1518.29.9— Venetsiya— 1594.31.5) — italyan rassomi, Soʻnggi Uygʻonish davri Venetsiya maktabi namoyandasi. Bonifatsio Veroneze, Titsiandan taʼlim olgan. T.ning ilk asarlaridayoq uning murakkab rakurslarni, keskin nur samarasini, xilmaxil harakatlarni mahorat bilan bera olishi namoyon boʻldi ("Ioann Krestitelning tugʻilishi", 1540-yillar oxiri, Ermitaj). Ommaviy sahnalardagi kishilarning holati, ularning hayratini mahorat bilan tasvirlashi ("Avliyo Markhing moʻʼjizasi", 1548, Akademiya galereyasi, Venetsiya va boshqalar) uni toʻla shakllangan ijodkor sifatida namoyon qildi, sof, nurli buyoklar ulkan taʼsirchan qudratga ega boʻlib bordi ("Mariyaning ibodatxonaga kirishi", taxminan 1555, SantMariya del Orto cherkovi, Venetsiya), T. asosiy ishi — Skuola di SanRokko uchun yaratgan namoyonlar turkumi (1565—88)da xristian afsonalarini teran demokratik kayfiyatda talqin qiladi, unda xalq, sertashvish, romantik kayfiyat baxsh etuvchi manzara tasviriga aloxida eʼtibor beradi; batal janridagi "Zara yaqinidagi jang" (taxminan 1585, Dojlar saroyi, Venetsiya), "Maxfiy kechalar" (1592— 94, SanJorjio Majore cherkovi, Venetsiya) asarlari mahobatliligi bilan diqkatga sazovor. T. yaratgan portretlar oʻta sodda va nozik ruhiyati bilan Rembrandt asarlari bilan raqobatlashadi ("Avtoportret", taxminan 1590, Luvr va boshqalar).