Teng huquqlilik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Teng huquqlilik - konstitutsionalizmning asosiy prinsiplaridan va demokratiyaning muhim elementlaridan biri; fuqarolarning davlat, qonun, sud oldida tengligini rasman eʼtirof etishni bildiradi. Unga koʻra, muayyan davlat fuqarolari jinsi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, yashash joyi, dinga munosabati, eʼtiqodi, jamoat birlashmalariga taalluqligi, shuningdek, boshqa holatlaridan qatʼi nazar, teng huquq, erkinlik va majburiyatga ega boʻladilar. T.gʻ.ning realligi jamiyat va davlat tuzumining qanchalik demokratiyaliligini anglatadi.

Teng huquqlilik tamoyilini 18-asr oxirida Fransiya inqilobi ilgari surdi ("Ozodlik, tenglik, qardoshlik") va u koʻp mamlakatlarning konstitutsiyalari hamda inson huquklari deklaratsiyalarida mustahkamlandi. Hozirgi zamon davlatlarining konstitutsiyaviy nazariyasi fuqarolarning huquqda tabiiy xarakterga ega boʻlgan baʼzi farklari boʻlishi mumkinligini tan oladi, mas., jahonning koʻpchilik davlatlarida harbiy xizmatni oʻtash majburiyati faqat erkaklar zimmasiga yuklanadi, keyingi oʻn yilliklarda nogironlar, bolalar, kam sonli tub xalq vakillari uchun alohida konstitutsiyaviy huquqlar belgilab qoʻyila boshlandi va h.k. Fuqarolarning teng xuquqligi prinsip i Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18moddasida mustahkamlab qoʻyilgan.