Rasm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Tasvirdan yoʻnaltirildi)
Jump to navigation Jump to search

Rasm, qalamtasvir — tekis yuzaga qoʻlda chiziq va nursoya (oqqora boʻyoq dogʻlari) yordamida ishlangan tasvir; rassomlik sanʼati (rangtasvir va grafika)nish ifoda vositasi. R.da asosiy ifoda vositasi chiziq boʻlib, qoʻlda grafika vositalari qalam, pero va boshqa yordamida chegara chizik, (kontur chiziq) yoki qisqa va yuliq chiziq (shtrix)lar hamda boʻyoq dogʻlarida bir xil (axromatik) rangda bajariladi. Bu ifoda vositalarining turlicha qoʻshilishi natijasida (shtrixlar kombinatsiyasi, boʻyoq dogʻlari va chiziqlarning uygʻunligi va boshqalar) R.ning nafis ishlanishi, tus, ranglarning ohangdorligi, nursoyaning oʻta taʼsirchanligiga erishiladi. R. qogʻoz, mato, devor va boshqalarga qalam, koʻmir, pero, sangina, moʻyqalam va boshqa vositasida, tosh, taxta, metall kabi qattiq yuzalarga oʻtkir uchli buyum (qurol, bigiz va boshqalar) bilan oʻyib chiziladi. R., asosan, bir rangda yoki turli ranglarni u yoki bu darajada qoʻllanishi bilan bajariladi.

R.ning tugal mazmun, maʼlum gʻoyaviy estetik qarashlarni ifodalovchi mustaqil (dastgoh) hamda biror sanʼatga bogʻliq (kitob bezagi, ilmiy ishlarni izohlashga yordam beruvchi qoʻshimcha material va boshqalar) holda yaratiladigan turi mavjud. Tasviriy, amaliy bezak sanʼati va meʼmorlikda R. muhim oʻrin egallaydi, ularning asosini oʻrganish R.dan narsa, buyumlarni yuza (qogʻoz)da tasvirini ishlashdan boshlanadi. Borliqni oʻrganish va bilish, real borlikdan abstrakt tafakkurga oʻtish jarayonida R. katta imkoniyatga ega. Badiiy R. tekis yuzada ishlanadigan barcha tasvirlar (rangtasvir, grafika, boʻrtma tasvir — relyef)ning asosini tashkil etadi, bajarilishiga koʻra tugallangan (portret, manzara va boshqalar) hamda naturadan yaratilgan xomaki R., chizgi, eskiz, etyud va boshqa turlari farqlanadi. Yagona nusxada yaratilishi bilan R. grafika, gravyura va litografiyadan farq qiladi. R. rangtasvirda asar yaratishning dastlabki bosqichi boʻlib, unda boʻlajak asarning tuzilishi, buyum va obrazlarning fazoviy joylanishi, koʻrinish chegara chiziklari, oʻlcham va uning nisbatlari belgilab olinadi. Grafikada R. badiiy ijodning mustaqil va asosiy yoʻnalishi hisoblanadi hamda uning turlari asosini tashkil etadi. Rassom gʻoyaviy estetik qarashlarini qalam, koʻmir qalam, sangina, pastel va boshqa vositasida ifodalab, moʻʼjiza yaratishi va kishini hayratlantiradigan darajadagi sanʼat asarini maydonga keltirishi mumkin.

R. badiiy taʼlimning (asosan, naturadan chizish, oʻquv mashqi) asosini tashkil qiladi. R. texnologik jihatdan quruq va suyuq holdagi boʻyoq ashyolaridan foydalanib bajariladi. Eng qad. quruq boʻyoq — koʻmirga aylangan yongan yogʻoch qoldiqlari boʻlgan. Uoʻgʻonish davrida italyan qalami (qora boʻr) va sangina (qizil boʻr) ishlatila boshlangan, 16-asr oxiridan grafit, 18-asrda bugungi kunda keng tarqalgan qalam amalda qoʻllanila boshlagan. Suyuq boʻyoqlar (tush, siyoh, sepiya, bistr) yuzaga pero, qush pati, moʻyqalam yordamida tushiriladi, bu boʻyoqlar alohida yoki aralashtirib ishlatilishi mumkin. R. oʻrnida hozirgi kunda qalamtasvir, chizmatasvir iboralari ham keng ishlatiladi (Mas, rangtasvir R.i, yaʼni uning qalamda ishlangan tasviri — qalamtasvir).[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil