Tasmasimon chuvalchanglar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Tasmasimon chuvalchanglar, sestodlar (Cestoda) — yassi chuvalchanglar sinfi. Hayvonlar va odam ichagida, baʼzan boshqa organlarida parazitlik qiladi. Gavdasi tasmasimon (nomi shundan), uz. mm ning bir necha ulushidan 30 m gacha, bosh (skoleks), boʻyin va strobiladan iborat. Boshida yopishuv organlari (soʻrgʻichlar, ilmoqlar, xartumlar va boshqalar) joylashgan. Boʻyin qismi oʻsuvchi yosh boʻgʻim (proglotid)lardan iborat. Strobilasi, odatda, bir nechtadan oʻnlab, hatto yuzlab boʻgʻimlarga boʻlingan. Jinsiy organlari germafrodit, har bir boʻgʻimida bitta yoki bir juftdan boʻladi. Tanasi botib kirgan kipriksiz epiteliy bilan qoplangan. Ichagi boʻlmaydi, tanasining yuzasi orqali ichakdagi suyuq oziqni soʻrib oladi. Juda serpusht, ayrim turlari bir yilda 600 mln.gacha tuxum qoʻyadi. Xoʻjayin almashtirib rivojlanadi. Tuxumlari ichida tashqi muxitda 6 ilmokli onkosfera lichinkalar rivojlanadi. Tuxumlar oraliq xoʻjayin ichagiga tushganida lichinkasi kon orkali turli organlarga borib, pufak (finna)ga aylanadi. Asosiy xoʻjayin finnali organ (goʻsht, jigar va boshqalar)ni yeb, parazitni yuktiradi. Asosiy xoʻjayin ichagida finnadan chiqqan lichinka ichak devoriga yopishgach, yangi boʻgʻimlar chiqarib oʻsadi. Ayrim Tasmasimon chuvalchanglar 2 oraliq xoʻjayinda rivojlanadi. 9—10 turkum, 3000 ga yaqin turi bor. Tibbiy nuqtai nazardan qoramol tasmasimon chuvalchangi, exinokokk, zanjirsimon tasmali chuvalchanglar, qoʻy miya qurti, serbar Tasmasimon chuvalchanglar, ligula va boshqa katta ahamiyatga ega.