Tajohuli orifona
Tajohuli orifona (arab. bi lib turib bilmaslikka olish) — mumtoz sheʼriyatda oʻxshatish usullaridan biri; shoir oʻxshatish manbaini kuchaytirib, boʻrttirib koʻrsatish maqsadida oʻsha manbaga (odatda yorga, mahbubaga) nisbatan bir yoki bir necha oʻxshatish qoʻllaydi, lekin goʻyo oʻzini nodon kishilarcha tutib, oʻzini bilmaslikka solib, ushbu oʻxshatishlarining toʻgʻrinotoʻgʻriligi haqida boshqalardan soʻraydi. Aslida esa shoirning oʻzini bilib bilmaslikka solishi shartli boʻlib, uning oʻxshatishlarida kamchilik, xatolik yoʻq; uning asl maqsadi yor qiyofasini mubolagʻali tavsifu oʻxshatishlar asosida kishi koʻz oʻngida aniq gavdalantirishdan iboratdir. Mas., LutfiyningMalak yo hur, bilmom, yo parisan?Bu raftor ila yo kabki dariysan?baytida shoir maʼshuqa siymosini malak, hur, parilarga, uning yurishini esa kabki dariy (kaklik turi) yurishiga oʻxshatadiyu, oʻzini bilmaslikka solib, ayni qaysi oʻxshatish toʻgʻriligini bilmaganday, bu hakda soʻrab koʻradi. Toʻgʻridantoʻgʻri oʻxshatishga nisbatan bu xil yashirin oʻxshatish, qiyoslash baytning taʼsirchanligini oshiradi, oʻquvchiga zavq bagʻishlaydi.
Tajohuli orifona sanʼati koʻpincha gʻazalning matlasidan maqtasigacha davom ettiriladi, yaʼni barcha baytlar shu sanʼat asosida yoziladi. Masalan, AtoiyningMengiz yo ravzai rizvonmidur bu?Ogʻiz yo gʻunchai xandonmidur bu?bayti bilan boshlanadigan gʻazali oxirigacha shu sanʼatga asoslanib yaratilgan. Tajohuli orifona sanʼati mumtoz sheʼriyatimizda keng qoʻllangan boʻlib, undan deyarli barcha shoirlar foydalanganlar.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Hojiahmedov A., Mumtoz badiiyat malohati, T., 1999.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |