Taʼlim

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Taʻlimdan yoʻnaltirildi)
Yuqoridan chapdan oʻngga: Chexiya texnika universitetining biotibbiyot muhandisligi fakultetidagi maruza (Praga, Chexiya); Mevali bogʻ soyasida oʻtirgan maktab oʻquvchilari (Bamozay, Gardez, Paktiya provinsiyasi, Afgʻoniston); „FIRST“ robototexnika musobaqasida qatnashayotgan talaba (Vashington, AQSh); AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tashabbusida amalga oshirilayotgan maktabgacha taʼlim (Zvay, Efiopiya)

Taʼlim — bilim berish, malaka va koʻnikmalar hosil qilish jarayoni, kishini hayotga va mehnatga tayyorlashning asosiy vositasi. Taʼlim jarayonida maʼlumot olinadi va tarbiya amalga oshiriladi. Taʼlim tor maʼnoda oʻqitish tushunchasini anglatadi. Lekin u faqat turli tipdagi oʻquv yurtlarida oʻqitish jarayonini emas, oila, ishlab chiqarish. va boshqa sohalarda maʼlumot berish jarayonini ham bildiradi.

Taʼlimning mazmuni va mohiyati jamiyatning moddiy va madaniy taraqqiyoti darajasi bilan belgilanadi. Ijtimoiy munosabatlar, umumiy maʼlumotga boʻlgan ehtiyoj, kishilarning kasbiy tayyorgarligiga, taʼlim haqidagi pedagogik gʻoyalarga qarab kishilik jamiyati taraqqiyotining turli bosqichlarida Taʼlimning mohiyati, metodi, tashkiliy shakllari oʻzgarib borgan (qarang Pedagogika).

Taʼlim mohiyat-eʼtibori bilan dars berish jarayonini, yaʼni pedagog (oʻqituvchi) faoliyatini, umuman oʻquvchining bilish, oʻrganish faoliyatiga rahbarlik qilishni hamda uqish jarayonini, yaʼni oʻquvchi faoliyatini bildiradi. Taʼlim jarayoni taʼlim beruvchi — oʻqituvchi va taʼlim olayotgan oʻquvchilar faoliyatining yigʻindisidan iborat. Taʼlim va tarbiya jarayonida shaxsning sifatlari, dunyoqarashi, qobiliyati oʻsadi. Taʼlim avlodlar oʻrtasidagi maʼnaviy vorislikni taʼminlaydi: kishilarning ijtimoiytarixiy tajribalari yosh avlodga Taʼlim orqali oʻtadi.

Taʼlim haqida turli nazariyalar mavjud. Baʼzi nazariyalar Taʼlimni jamiyatning ijtimoiyiqtisodiy tuzilishiga bogʻliq boʻlmagan hodisa sifatida baholasalar (qarang Pedotsentrizm), baʼzisi Taʼlimning sinfiy xarakterga ega ekanligini, u jamiyatning har bir aʼzosida muayyan siyosiy, falsafiy, axloqiy, huquqiy qarashlarni shakllantirish maqsadi sari karatilganligini taʼkidlaydi.

Taʼlimning maqsadi obʼyektiv hayot talablariga muvofiq holda oʻzgarib borgani kabi, taʼlimning xarakteri, yoʻnalishi ham uning maqsadiga muvofiq oʻzgarib boradi. Taʼlim dialektik tarzda taraqqiy etib boradigan ichki ziddiyatlar jarayonidir. Taʼlim bilish qobiliyatlari, qistuygʻular, idrok, shaxsni tarkib toptiruvchi kuchli omildir.

Taʼlim jamiyat qurilishining muhim muammolarini hal qilish — jamiyatning moddiy-texnika bazasini yaratish, ijtimoiy munosabatlarni tarkib toptirish, yangi kishini tarbiyalashga yordam beradi.

Taʼlim oʻquvchining bilish qobiliyatini oʻstiruvchi asosiy omildir. Oʻquvchilar qobiliyatini oʻstirishga qaratilgan tizimlar muayyan didaktik qoidalar tarzida namoyon boʻladi. Didaktik tamoyillarda taʼlimning mazmuni va jarayonlariga qoʻyilgan talablar belgilanadi (qarang Didaktika). Taʼlimning maqsadi va vazifalari ijtimoiy tuzum, shuningdek muayyan oʻquv yurtlari funksiyasiga muvofiq tarixan oʻzgarib boradi. Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 29-avgustda qabul qilingan „Taʼlim toʻgʻrisida“gi qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi Taʼlim tizimining barcha yoʻnalishlarini takomillashtirish va rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochib berdi. 1996-yildan boshlab lotin imlosiga asoslangan yangi oʻzbek alifbosi joriy etildi va shu yildan boshlab yangi yozuv asosida dasturlar, qoʻllanmalar va darsliklar yaratishga kirishildi, oʻqituvchilar lotin imlosi asosidagi yangi oʻzbek alifbosi boʻyicha qayta tayyorlash kurslaridan oʻtkazildi. Xalq taʼlimi boʻlimlari qoshida bolalarni maktab taʼlimiga tayyorgarligini belgilaydigan „Tashhis markazlari“ tashkil etildi. Oʻquvchilarning bilim va koʻnikmalarini reyting asosida nazorat qilish, maktab bitiruvchilarini yakuniy attestatsiyasini kompyuter yordamida test orqali amalga oshirish, Taʼlim amaliyotini diagnostik taxdil etish, Taʼlim muassasalarida marketing tizimidan foydalanish kabi qator pedagogik yangiliklar joriy etildi (qarang Taʼlimning milliy modeli).

Taʼlim mazmuni uning maqsadiga muvofiq, ijtimoiy shartsharoit, fan va texnika, sanʼat holati va shu kabini hisobga olgan holda belgilanadi. Kasbhunar kollejlari, oʻrta maxsus va oliy oʻquv yurtlaridagi Taʼlimning mazmuniga umumiy maʼlumotdan tashqari muayyan kasb va mutaxassislik uchun zarur boʻlgan maxsus bilim, malaka va koʻnikmalar ham kiradi. Taʼlim mazmuni oʻquv reja va dasturlari, darslik va boshqalarda yoritiladi. Taʼlimda qoʻyilgan maqsadga erishish uchun turli metod, vosita, tashkiliy tizim va shakllar (maʼruza, suqbat, tajribalar oʻtkazish, koʻrgazmali qurollarni qoʻllash, kuzatish, mashq va shu kabi)dan foydalaniladi. Oʻquv jarayonida texnik vositalar (kino, televideniye, radio, kompyuter, EHM va boshqalar)ni keng qoʻllash taʼlim metodini ishlab chiqishga katta taʼsir koʻrsatadi.

taʼlimni tashkil etishning umumiy taʼlim, alohida (individual) taʼlim, tashkiliy taʼlim, sinfdars taʼlimi, kurs tizimi taʼlimi va boshqa turlari mavjud. Hozirgi sharoitda ijtimoiy talablar, oʻquvchilarning imkoniyati va ehtiyojlariga muvofiq taʼlim tobora takomillashtirilib, yangi metod va shakllari ishlab chiqilmoqda. Xususan, taʼlimning keng umumiy maʼlumot asosida kasbiy ixtisoslashishning ahamiyati tobora oshmoqda, ommaviy kommunikatsiya vositalari — radio, televideniye, film, kompyuter, vaqtli matbuotdan, shuningdek, oʻz ustida ishlashning turli shakllaridan foydalanilmoqda.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]