Suv echkilari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Suv echkilari (Kobus) — quvushshoxlilar oilasiga mansub sut emizuvchilar urugʻi. 5 ta turi bor. Afrikada tarqalgan. Gavdasining uzunligi 125—220 sm. Erkaklari shoxlarining uz. 30—100 sm, toʻgʻri yoki lirasimon egilgan, halqasimon yoʻgʻonlashgan. Oʻrta tuyogʻi nisbatan uzun, uchi ingichkalashgan. Boʻynida yoli bor. Yaxshi suzadi; xavf tugʻilganida suvga tushib, jon saqlaydi. Tipik vakili asl Suv echkilari Janubiy va Sharqiy Afrikada uchraydi. Gavdasining uzunligi 2,2 m, boʻyi 130 sm cha. Yungi kulrang, qizgʻishqoʻngʻir tusda tovlanadi. Tomogʻi, koʻzi va dumi atrofida oqish xollari va yoʻli bor. Erkagi shoxli (uz. 80 sm cha). Teri bezlaridan badboʻy hid ajratadi. Suv havzalariga yaqin savanna va oʻrmonlarda, baʼzan daryo qirgʻogʻidagi butazorlarda toʻda boʻlib oʻtroq yashaydi. Boʻgʻozlik davri 7—8 oy. Yilda bitta bola tugʻadi. Terisi uchun ovlanadi. Ayrim turlari muhofaza qilinadi.