Surxondaryo-qashqadaryo musiqa uslubi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Surxondaryo-qashqadaryo musiqa uslubi — oʻzbek anʼanaviy musiqasining mahalliy uslublaridan biri. Mazkur hududda yashayotgan xalqning etnik tarkibi, kelib chiqishi, tarixan qaror topgan ijtimoiyiqtisodiy sharoitlari ushbu uslubning oʻziga xosligini belgiladi. Jumladan, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari oʻzbek aholisining koʻpchilik qismi azaldan yarim koʻchmanchi hayot kechirib, asosan chorvachilik va dehqonchilik bilan shugʻullanayotganligi sababli aynan shu jarayonlarga bogʻliq xalq qoʻshiqlari salmoqli oʻrin tutadi. Masalan, Oʻzbekistonning boshqa hududlarida kam uchraydigan "sogʻim qoʻshiqlari" ("Xoʻshxoʻsh", "Tureyturey", "Chureychurey") sogʻilayotgan jonivorlarni tinchlantirish, erkalash va ularni iydirish maqsadlarida keng qoʻllaniladi. Dehqonchilik bilan bogʻliq qoʻshiqlar esa yer haydash ("Koʻshchi qoʻshigʻi", "Shox moylash", "Qoʻsh haydash"), hosilni oʻrish ("Yozi"), xirmonda bugʻdoy yoki arpani yanchish ("Mayda"), bahor kelishi ("Navroʻz" va boshqalar) va boshqa paytlarda kuylanadi. Ayniqsa, turli yigʻin va toʻylarda erkaklar tomonidan ijro etilayotgan "qarsak" ("beshqarsak") davra oʻyin qoʻshiklari mashhur. Anʼanaviy musiqa cholgʻulari esa asosan choʻponlar ijodiga xos sibizgʻa, gʻajir nay, ayollar tomonidan keng qoʻllaniladigan changqoʻbiz, baxshilarga joʻr boʻlgan doʻmbira (yaqin oʻtmishda — qoʻbiz) bilan chegaralangan. Musiqa hayotida boshqa hududlardan farqli oʻlaroq baxshishoirlar va doʻmbirakashlar asosiy oʻrin tutadi. Doʻmbirada ijro etilayotgan choʻponlar mehnati bilan bogʻliq cholgʻu kuylar ("Choʻponcha", "Qoʻylarni sudrash", "Qoʻylarni yigʻish", "Choʻponni chaqirish" kabi), doston kuy ("Baxshi kuy")lar keng tarqalgan. Baxshilar ijodidagi "Alpomish", "Goʻroʻgʻli" kabi qahramonlik dostonlari hamda turli mavzudagi termalarnpng ijrosida maxsus "ichki ovoz" uslubi qoʻllaniladi. S.Surxondaryo-qashqadaryo musiqa uslubiu.da dostonchilikning 2 yirik markazi — Shahrisabz dostonchilik maktabi va Sherobod dostonchilik maktabi shakllangan. Soʻnggi davrlarda boshqa mahalliy musiqa uslublariga xos musiqiy anʼanalar (mas, maqom ijrochiligi sanʼati) ham yoyila boshlagan. Hozirda S.Surxondaryo-qashqadaryo musiqa uslubiu. koʻpgina folkloretnografik ansambllar ("Shalola", "Boysun" va boshqalar), estrada xonandalari (M.Namozov, S. Qoziyeva) ijodiga asos boʻlmoqda, baxshilar tanlovlari, 2002-yildan oʻtkaziladigan "Boysun bahori" xalqaro folklor festivali orqali jahon sahnasiga chiqmoqda.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Karomatov F., O lokalnix stilyax uzbekskoy narodnoy muziki, M., 1964.

Oqilxon Ibrohimov.