Sun (sulola)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sun, Sung xonligi — Xitoy tarixida mavjud boʻlgan 2 sulola va davlat. Ilk S (420—479). Poytaxti — Szyankang (hozirgi Nankin). Asoschisi — Sharqiy Szin xonligi (317—420), harbiy qoʻmondoni Lyu Yuy (363—422). Lyu Yuy mamlakatda yuz bergan qoʻzgolonlarni bostirishda va bir qator mayda xonliklarga qarshi kurashda gʻolib chiqqanligi tufayli Sungvan (Sung viloyati hokimi) unvoni bilan taqsirlangan. 420-yil u fursatdan foydalanib Sharqiy Szin sulolasidan taxtni tortib olgan. Lyu Yuy sulolaga S. (xalq orasida Lyu Sung deb ham nomlanadi), oʻziga esa Ud i (Jangovar xoqon) deb nom bergan. U davlatni mustahkamlashga qaratilgan bir qancha siyosiyiqtisodiy islohotlar oʻtkazgan. Ushbu xonliqda jami 8 hukmdor oʻtgan. Saroydagi fitnalar, dehqonlar qoʻzgʻolonlari natijasida 479-yil xonlik barham topgan. Soʻnggi S. (960—1279). Poytaxti — Kayfin (Kayfen). Asoschisi — Soʻnggi Chjou xonligi (951—960) sarkardasi Chjao Kuanin (Kuangying) (927—976). Soʻnggi Chjou xonligida hokimiyat almashinishi tufayli yuzaga kelgan siyosiy vaziyatdan foydalangan Chjao Kuanin harbiy toʻntarish uyushtirib, poytaxt Kayfinni egallab, taxtni oʻz qoʻliga olgan. U yangi davlat tashkil qilib, unga S. (Sung), oʻziga esa Sung Tayszu (S. sulolasi asoschisi) deb nom bergan. Tarixda uning davri Szyanlung deb ham ataladi. Chjao Kuanin davlat hududini kengaytirish, markaziy hokimiyatni mustahkamlash, xazinani boyitishga qaratilgan bir qator siyosiy, harbiy va iktisodiy choratadbirlarni amalga oshirgan. S. hududi Markaziy va Janubiy Xitoy bilan cheklangan. Tashqi siyosatda S. asosiy eʼtiborini Shimoliy Xitoyda kidanlar tomonidan barpo etilgan Lyao davlati (916—1124)dan himoyalanishga qaratgan. S. xonligi 979-yil hozirgi Pekinni egallab, kidanlarga kuchli zarba berishni rejalashtirgan. Ammo jangda magʻlubiyatga uchragan, kidanlar xonlik poytaxti Kayfinni bosib olishgan. S. xoni Tayszun saroy amaldorlari bilan poytaxtni tashlab jan.ga qochgan. S. Lyao davlati bilan sulh tuzishga, unga oʻlpon toʻlab turishga va qoʻshin sonini keskin qisqartirishga rozi boʻlgan. Keyingi davrlarda S. sulolasi Lyao davlati taʼsiridan chiqishga koʻp harakat qilsada, uddasidan chiqa olmagan. 1127-yil poytaxt Linʼan (hozirgi Xangchjou) shahriga koʻchirilgan. Shundan keyin S. xonligi Janubiy S. deb ataldi. 1279-yil u moʻgʻullar tomonidan tugatilgan.

Abdulahad Xoʻjayev.