Kontent qismiga oʻtish

Sudxoʻrlik

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Sudxoʻrlik – gʻoyat ogʻir shartlar bilan qarz berib, foyda olinadigan faoliyat. Sudxoʻrlikning paydo boʻlishi ibtidoiy jamoa tuzumining yemirilish davriga toʻgʻri keladi. Sudxoʻrlik – kreditning qadimgi shakli boʻlib, dastlab moddiy natural holda boʻlgan. Uning egasi oʻz isteʼmolidan ortib qolgan mahsulotini muhtojlarga qarzga bergan. Pul paydo boʻlgach, sudxoʻrlik pulni gʻoyat yuqori foiz evaziga qarzga berish shakliga kirgan. Sharq mamlakatlari, shu jumladan, Oʻrta Osiyoda sudxoʻrlik bilan sarroflar va boy savdogarlar shugʻullangan. Sudxoʻrlikda qarzni qaytarish muddati, toʻlanadigan foiz miqdori ogʻzaki kelishuv yoki tilxat bilan rasmiylashtirilgan. Qarz foizining darajasi turli mamlakatlarda turlicha, hatto bir mamlakatdagi shahar va tumanlarda ham har xil boʻlgan. Olingan qarz pulidan kapital tarzda emas, toʻlov va xarid maqsadlarida foydalanish, qarz foizining gʻoyat yuqori boʻlishi, kafolat uchun koʻchmas mulk, qimmatbaho buyumlarni garovga qoʻyish sudxoʻrlikka xos. Koʻp hollarda qarzdorlar qarzni oʻz vaqtida uza olmay yeridan, uy-joyidan, mol-mulkidan ajralib xonavayron boʻlgan, sudxoʻrlar esa boyib ketgan.

Islom dinida sudxoʻrlik harom mashgʻulot (qarang Ribo) qisoblanadi. Shu sababli islom dini tarqalgan mamlakatlarda sudxoʻrlik yashirin tuye olgan. 20-asr boshlarida Oʻrta Osiyoda sudxoʻrlik paxta ekadigan muhtoj dexqonlarga yermulklarini garovga qoʻyish sharti bilan boʻnak shaklini olgan. Boʻnak pulini foizi bilan qaytara olmaganlarning yeri boylar qoʻliga oʻtgan.

Mamlakatda ichki bozor va tovar-pul munosabatlarining yetarli darajada rivojlanmaganligi, kredit tizimining nochorligi, mayda tovar xoʻjaligi shakllarining ustunligi sudxoʻrlikning saqlanib qolishi uchun sharoitlar yaratadi. Gʻoyat yuqori foizlarda chakana qarzlar berish shaklidagi sudxoʻrlik rivojlangan mamlakatlarda ham mavjud. Lekin bunday faoliyat qonun bilan taqiqlangan. Madaniy bozor iqtisodiyoti sudxoʻrlikni rad etadi. Sudxoʻrlikning yashirin koʻrinishlari xufiya iqtisodiyot sohasida yashirin bitishuvlarda, jinoiy unsurlar orasida uchraydi.

Alloh taolo Baqara surasida quyidagilarni aytadi:

"Riboni eydiganlar (qabrlaridan) faqat shayton urib, jinni boʻlgan kishidek turarlar. Bu ularning „Tijorat ham riboga oʻxshash-da“, deganlari uchundir. Holbuki, Alloh tijoratni halol qilgan, riboni esa harom qilgan. Bas, kimki Robbidan mavʼiza kelganda toʻxtasa, avval oʻtgani oʻziga va uning ishi Allohga havoladir. Kimki yana (riboga) qaytsa, ana oʻshalar olov sohiblaridir. Ular unda mangu qoluvchidirlar" (275-oyat).