Struktura

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Struktura (lot. structure — tuzilish, bogʻlanish) — 1) muayyan narsalarning tuzilishi, qurilishi; tarkibiy qismlarning oʻzaro bogʻliqligi; 2) obʼyektning yaxlitligi va aynan oʻzligini anglatadigan, yaʼni tashqi va ichki oʻzgarishlarda asosiy xususiyatlarini saqlab qoladigan barqaror aloqalari majmui. S. sistemami tashkil etadi. S. narsa va hodisani bir xil yoki har xil jinsliligi, uning muayyan nisbiy mustaqil qismlarga, elementlarga, komponentlarga boʻlinishini; bu qismlar, elementlar, komponentlarning oʻzaro taʼsir va aks taʼsirlarini, ular oʻrtasidagi aloqadorlik va bogʻlanishlarni, bu bogʻlanishlarga oid qonuniyatlarni; narsa yoki hodisaning qanday elementlardan tashkil topganligidan katʼi nazar, bu elementlarning organik birligini, ularning yaxlitligi va bir butunligini ifodalaydi. S.ni bilish — elementlarni aniklash, ularning oʻzaro aloqadorliklarini aniklash, bu elementlar bir butunligining oʻziga xos tabiatini tushunib olishdir.

Keyingi vaqtlarda tabiatshunoslik va ijtimoiy fanlar sohalarida tadqiqot obʼyektini chuqurroq oʻrganish maqsadida sistemali yondashish, strukturaviy analiz usullari ishlab chiqildi. Bu usullarning qoʻllanishi ularning samarali va istiqbolli ekanligini koʻrsatmoqda. Olamni falsafiy va tabiiyilmiy bilish real mavjud sistemalarning S. xususiyatlarini bilishga ancha toʻgʻri keladi.