Stress

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Stress (ing . stress — bosim, kuchlanish, tanglik) - odam va hayvonlarda kuchli taʼsirotlar natijasida sodir boʻladigan oʻta hayajonlanish, asabiylik xrlati. Organizmda har xil taʼdirotlarga nisbatan rivojlanadigan nomaxsus neyrogormonal reaksiya. "S." terminini kanadalik patolog G. Selye taʼriflab, tibbiyotga kiritgan (1936). Olim S holatiga olib keluvchi omilni stressorlar deb, ular taʼsirida organizmda roʻy beradigan oʻzgarishlarni moslashish (adaptatsiya) sindromi deb atadi. Fizik (issiq, sovuq, shikastlanish va boshqalar) va psixik (qoʻrquv, qattiq tovush, oʻta xursandchilik) stressorlar ajratiladi. Organizmda bu omillar taʼsirini yengishga qaratilgan moslashuvchi biokimyoviy va fiziologik oʻzgarishlar rivojlanadi, bu stressorning kuchi, taʼsir etish muddati, odam yoki hayvonning fiziologik sistemasi va ruhiy holatiga bogʻliq. Nerv sistemasi yuqori rivojlangan odam va hayvonlarda, histuygʻu koʻpincha stressor vazifasini oʻtaydi va u fizik stressor taʼsiriga zamin tugʻdiradi. Odamda bir xil kuchdagi S. ham xavfli, ham ijobiy boʻlishi mumkin. Shuning uchun maʼlum bir darajadagi S.larsiz faol hayot kechirib boʻlmaydi, chunki S.lar boʻlmasligi bu oʻlim bilan barobar degan edi G.Selye. Demak, S.lar nafaqat xavfli, balki organizm uchun foydali ham boʻlishi mumkin (eustress), bu holat organizm imkoniyatlarini ishga soladi, salbiy taʼsirotlarga chidamliligini oshiradi (mas, infeksiyalar, qon yoʻqotish va boshqalar), maʼlum bir somatik kasalliklar (mas, yara kasalligi, allergiya, yurak kasalliklari va boshqalar) kechishini yengillashtiradi yoki bemorning ulardan form boʻlishiga yordam beradi. Zararli S.lar (distress) organizm rezistentligini pasaytiradi, koʻpgina kasalliklarning kechishini ogʻirlashtiradi. S. taʼsirida kasalliklar paydo boʻlishida organizmning dastlabki holati katta ahamiyatga ega. Mas, gipertoniya kasalligi bilan ogʻrigan bemorda S. ogʻirroq, yaʼni gipertonik krizlar bilan kechadi.

G. Selye, S. natijasida rivojlanadigan kasalliklar yo stressorning kuchli taʼsir etishi, yoki gormonal tizimning "notoʻgʻri" reaksiya berishiga bogʻliq deb hisoblagan. Chunki ayrim hollarda distress uncha kuchli boʻlmagan stressor taʼsirida yuzaga keladi. S.ning organizmga ijobiy yoki salbiy taʼsir etishi organizmning ushbu stressorga nisbatan reaksiyasiga bogʻliq. S. xrlatini faol oʻzgartirishga qaratilgan choralar organizm chidamliligini oshiradi va natijada kasallik rivojlanmaydi yoki, aksincha, faol kurashish boʻlmasa, moslashish sindromi susayib, ogʻir holatlarda organizmni nobud boʻlishigacha olib kelishi ham mumkin. Organizmdagi hamma oʻzgarishlarni nazorat qilishda miyadagi katexolaminlar miqdori katta ahamiyatga ega. Shunday qilib, nerv sistemasi organizmning S.ga reaksiya berish holatini belgilaydi (qarang Neyrogumoral regulyasiya).

Hozirgi "S." termini juda keng maʼnoda tushuniladi, mas, nerv sistemasi boʻlmagan quyi hayvonlar, hatto oʻsimliklarda ham suv miqdori yoki harorat keskin oʻzgarsa, ularda kechayotgan fiziologik jarayonlar buziladi.

Muhsim Zokirov.