Stenoz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Stenoz (yun. stenos — tor, qisqa) — naysimon aʼzolar (hiqildoq, traxeya, bronxlar, qiziloʻngach, ichaklar, arteriyalar va boshqalar), shuningdek, fiziologik teshiklar (mas, yurak chap boʻlmachasi va qorinchasi orasidagi teshik)ning torayishi. S. tugʻma va hayotda orttirilgan boʻladi. Tugʻma S. homila rivojlanishidagi nuqsonlar (qiziloʻngach yoki meʼdaning chiqish joyidan torayishi)dan iborat. Hayotda orttirilgan S. organik va funksional boʻladi. Organik S. aʼzolar devoridagi oʻsmalar, yalligʻlanish yoki shikastdan keyin chandiqlar paydo boʻlishi hisobiga yuzaga keladi. Funksional S.da aʼzolar muskullari, sfinkterlarning vaqtincha torayishi, mas, buyrakdagi tosh siljishi natijasida siydik yoʻlining torayishi — spazm roʻy beradi.

S.da aʼzolarning muskullari gipertrofiyaga uchrab, ular ichidagi harakat (ovqat, havo, qonning yurishi) qiyinlashadi, keyinchalik muskullar tonusi pasayadi, aʼzoning S.ga uchragan joyidan yuqorisi kengayib ketadi, toraygan joydan moddalar oʻtishi qiyinlashadi. S.ni kompensatsiyali — aʼzo oʻtkazuvchanligi qisman buzilgan, lekin aʼzo faoliyati va inson salomatligi jiddiy oʻzgarmagan; subkompensatsiyali — aʼzoning toraygan joyidan modda oʻtishi qiyinlashib, aʼzo faoliyati buzilgan; dekompensatsiyali — aʼzoning toraygan joyidan moddaning mutlaq oʻtmay qolib, aʼzo faoliyatining buzilishi, shuning hisobiga organizmda jiddiy asoratlar yuzaga kelishi (mas, meʼdaning pilorik joyi dekompensatsiyalangan S.ida ovqat mutlaqo oʻtmasdan, bemor organizmida suvtuz mutanosibligining buzilishi) kabi darajalari bor. S, asosan, xirurgik usulda davolanadi.