Spondilyoz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Spondilyoz (yun. spondylos — umurtqa) — umurtqa pogʻonasining surunkali kasalligi. Umurtqalarning suyak toʻqimalari yuzasida oʻsimtalar oʻsib ketishi tufayli umurtqalar shaklining oʻzgarishi. Moddalar almashinuvining buzilishi organizmda ohak tuzlarining koʻp yigʻilishiga sabab boʻladi. Koʻpincha keksalarda umurtqa pogʻonasiga koʻp yil davomida ogʻirlik tushib borishi va yosh ulgʻayishi bilan moddalar almashinuvining buzilishi oqibatida roʻy beradi. Erkaklarda ayollarga nisbatan koʻp uchraydi. Yoshlarda S.ning vujudga kelishiga umurtqa pogʻonasining qiyshayishi sabab boʻladi, chunki bunda ogʻirlik umurtqa pogʻonasiga bir xilda tushmaydi. Baʼzan S. ich terlama yoki revmatizm kasalligi oqibatida ham vujudga kelishi mumkin.

Sda umurtqa pogʻonasi ogʻrib, ayniqsa uning boʻyin va bel qismida harakatlanish buziladi. Ogʻriq, asosan, uyqudan turganda roʻy beradi, bunday hollarda harakat qilish ancha qiyin boʻladi, bel ogʻriydi, baʼzida qirsillaydi. Bemor kerishgandan soʻng harakat qilish osonlashadi, ogʻriq yoʻqoladi. Ogʻriq koʻpincha huruj bilan kechib, obhavo oʻzgarganda koʻpayadi, bunda boʻyin, koʻkrak va bel umurtqalarining surunkali radikulita paydo boʻlishi mumkin.

S.ning oldini olish uchun organizmni chiniqtirish, dam olish va mehnat rejimiga rioya qilish, fizkultura va sport bilan muntazam shugʻullanish kerak.

S.ni davolashda massaj, davo gimnastikasi, ratsional ovqatlanish va har xil fizioterapevtax muolajalar buyuriladi.