Sogʻarj

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Sogʻarj, Sogʻarch — oʻrta asrlarda Movarounnahrdagi viloyat va katta qishloq. Samarqanddan shim. gʻarbda, 5 farsax masofada (Ishtixon yonida) joylashgan. S. qishlogʻi nomi ilk bor 9—10-asrlardagi arab geograflari asarlarida uchraydi. Yoqut Hamaviy S.ni Ishtixon shahriga tobe boʻlganini yozgan. Nizomiddin Shomiyning "Zafarnoma"sida yozilishicha, S. qoʻshin toʻplanadigan qarorgoh boʻlgan. Xususan, Amir Temur Toʻxtamish bilan boʻladigan urushdan oldin S.da lashkar toʻplagan. 15—17-asrlardagi vaqf hujjatlarida S. kayd etilgan. 1557 y. Nasaf viloyati hokimi Xudoyberdi sultonga S. viloyati Abdullaxon II tomonidan suyurgʻol qilib berilgan, Nasaf esa, Ibodullo sultonga topshirilgan. 1605 y. Boqi Muhammad 14 yoshli Nadr Muhammadxonga S. viloyatini iqto tarzida inʼom etgan. Taxt uchun kurashda yordami uchun 1611 yilda Imomqulixon S.ni qozoqxonlaridan Ishimxonning oʻgʻli Jonibek sultonga bergan. Mangʻitlar (1753— 1920) hukmronligi davrida S. Dushanba qoʻrgʻon deb atalgan. Mahmud ibn Vali S.ni obod qishloq deb yozgan, 19-asrda ham obod joy deb tilga olingan. Sdan bir qancha ulamolar chiqqan (mas, xalifa Umar ibn Xattob naslidan boʻlgan yirik ulamolardan shayx Burhoniddin Sogʻarjiy, 12-asr). Hozirgi S. harobalari Oqdaryo tumanidagi Yangiqoʻrgʻon qishlogʻidan 4 km narida saqlangan.

Manba: Nizomiddin Shomiy, Zafarnoma, T., 1996; Hofiz Tanish AlBuxoriy, Abdullanoma, T., 1999.