Soʻroq gap
Soʻroq gap — gaplarning kuzatilgan maqsadga koʻra turlaridan biri; soʻzlovchining biror nomaʼlum va noaniq narsa hodisani bilish uchun tinglovchiga murojaatini ifodalovchi, soʻroq mazmunli gap. Asosiy xususiyati (vazifasi)ga koʻra soʻroq gaplar 2 turli boʻladi: sof soʻroq gaplar va ritorik soʻroq gaplar. Sof soʻroq gap tinglovchidan javob talab qiladi (Olimjonni qachondan beri bilasiz?). Ritorik soʻroq gap oʻzida tasdiq yoki inkor mazmuni boʻlgan, tinglovchidan javob talab qilmaydigan gapdir (Shunday goʻzal vatan bormi dunyoda? Bolani kim sevmaydi?). Baʼzi soʻroq gaplarda soʻroq mazmuni bilan birga shubha, hayrat-taajjub, buyruq maʼnolari ham sezilib turadi (Yopiray, shu ishni sen bajardingmi? Tezroq bormaysizmi? — Tezroq boring).
Soʻroq gap quyidagi vositalar yordamida tuziladi: 1) gap tarkibida mustaqil soʻroq soʻzlar (kim, nima, qachon, qayerda, qancha, necha, nega kabi soʻroq olmoshlari) yordamida (Uni kim koʻribdi? Qachon kelasiz?); 2) mi, chi, a(ya) va boshqa soʻroq yuklamalari yordamida (Kecha teatrga bordingmi? — Yoʻq. — Bugunchi? Bugun borasana?); 3) soʻroq olmoshlari va soʻroq yuklamalari boʻlmaganda, soʻroq ohangining oʻzi bilan hosil qilinadi (Familiyangiz? Ismingiz? Kecha koʻrinmadingiz?).
![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
![]() | Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |