Sitogenetika

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sitogenetika (sito... va genetika) — genetikaning bir sohasi; irsiyat va oʻzgaruvchanlik qonuniyatlarini hujayra va subhujayra (asosan xromosoma) darajasida oʻrganadi. S.ning nazariy asoslari 20-asr boshlarida shakllangan irsiyatning xromosoma nazariyasi hisoblanadi. S.ning rivojlanishi davomida belgilarning ajralishi va mustaqil taqsimlanishi, genlarning birikib irsiylanishi va krossingover hodisalarining sitologik asoslari ochib berildi. Genetik qarindoshlikning koʻrsatgichi hisoblangan xromosomalar konyugatsiyasining oʻrganilishi natijasida yapon sitogenetigi X. Kixara sitogenetik metodlardan biri boʻlgan genom analiz metodini ishlab chiqdi (1924). Xromosomalar tarkibi va holatini tahlil qilish natijasida mitoz va meyoz jarayonida xromosomalar toʻplamida chuqur oʻzgarishlar roʻy berishi aniqlangan. S.da elektron mikroskopiya, rentgenostruktura tahlili va boshqa zamonaviy metodlarning qoʻllanishi xromosomalarning nozik tuzilishi toʻgʻrisidagi tasavvurlarni kengaytirdi; xromosoma moddasi (xromatin)ni tadqiq qilishga, replikatsiya, transkripsiya va translyatsiya jarayonlarida xromosomalar funksiyasini aniqlashga imkon berdi. S. dalillari kariotiplar evolyutsiyasi, yaʼni tur hosil boʻlishini tushunib olishda, qishloq xoʻjaligi va tibbiyotda organizmda kechadigan jarayonlarni asoslab berishda ahamiyatga ega.