Sirkadaraxt

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sirkadaraxt (Rhus coriaria L.) -pistadoshlar oilasiga mansub buta yoki daraxt. Boʻyi 0,5–5 m. Barglari murakkab, toq patsimon, yashil, kuzda qizil rangga kiradi. Guli novdalarining uchida roʻvaksimon yoki shingilsimon gʻuj joylashgan. Iyun — iyulda gullab, sent — oktabrda mevalaydi. Urugʻi, novdasi va ildiz bachkisidan koʻpayadi. Janubiy mamlakatlarda, Oʻzbekistonda Surxondaryo viloyatidagi daryolarning sershagʻal qirgʻoklarida oʻsadi. Manzarali oʻsimlik. Mevasi nordon va xushboʻy, ishtaha ochadi, ovqatni tez hazm qiladi. Xalq tabobatida ogʻiz va milk jarohatlari, tomoq ogʻrigʻida ishlatiladi. Barglari, ildizlari, poʻstlogʻi, yosh novdalari va mevalarida teriga, yungga, ipakka va har xil gazmollarga rang berishda qoʻllaniladigan tannin (13—22%), gallat, pirogallat, vino va sirka kislotalari, kvarsetin, ramnetin, miritsetin hamda vitamin S bor.