Simmetriya (biologiya)
Simmetriya (biologiyada), biosimmetriya — tirik organizmlar qismlarining fazoviy oʻzaro mutanosib joylashuvi xususiyatlari. Biologik obʼyektlar strukturaviy S.sini aniklash ularning tashqi koʻrinishi va ichki tuzilishini aniq tavsif etish imkonini beradi. Strukturaviy S. biologik obʼyektlar struktura elementlarining izchil takrorlanishi tarzida namoyon boʻladi. Strukturaviy S.ga koʻra, obʼyektning simmetrik koʻrinishi uning struktura elementlari, yaʼni obʼyektning bir xil qismlari tartibini belgilovchi geometrik elementlar (nuqta, chiziq, tekisliklar) bilan taʼriflanadi. Floks oʻsimligi gulining S.si bunga misol boʻla oladi. Kapalak gavdasi S.si uni oʻng va chap deb ataladigan 2 qismga, yaʼni tekislikka boʻlib turadi. Bunday tekislikning har biri ikkinchisining koʻzgudagi aksiga aynan oʻxshash boʻladi.
Tirik tabiatda S.ning bir necha xili uchraydi. Tirik tabiatning tarixiy rivojlanishi davomida S. shakli ham oʻzgarib borgan. Masalan, tiriklik rivojlanishning ilk davrlarida nuqtali S.li, toʻgʻri koʻp burchakli va sharsimon S.li organizmlar keng tarqalgan. Evolyusiyaning yuqori bosqichlarida oʻsimlik va hayvonlar uchun, asosan, aksial S. va aktinomorf S. xos. Aksial S.li organizmlar p tartibli S. oʻqiga ega. Aktinomorf S.li bioobʼyektlar esa p tartibli S. oʻqi va bu oʻqni kesib oʻtgan t ta tekislikka ega boʻladi. Tirik tabiatda asimmetriya va ikki tomonlama, yaʼni bilateral S. keng tarqalgan. Asimmetriya koʻpchilik oʻsimlik turlarining barglari, ikki tomonlama S. odam, umurtqali hayvonlar va koʻpchilik umurtqasizlar uchun xos. Biologik obʼyektlar S.sini oʻrganish ularning tuzilishi, kelib chiqishi, rivojlanishi, xossalari va funksiyasini yaxshiroq anglab olishga yordam beradi.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |