Shukur Tolipov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Shukur Tolipovich Tolipov (1908.5.1, Yangiyoʻl, Toshkent viloyati — 1990.28.5, Toshkent) — kimyogar olim. Qozogʻiston Fanlar akademiyasi akademik (1967-yildan) Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan va texnika arbobi (1950), kimyo fanlari doktori (1948), professor (1949). Oʻrta Osiyo universitetni tugatgan (1935), shu universitetda kafedra mudiri (1938-yildan), dekan (1949-yildan). Urush qatnashchisi (1941 — 45). Ayni vaqtda 1967-yildan Chimkentdagi Qozogʻiston kimyotexnologiya institutida ilmiy maslahatchi.

Asosiy ilmiy tadqiqotlari nodir va tarqoq elementlarning analitik kimyosiga oid. Ftoridlar va turli organik reaktivlardan foydalanib, analiz qilish usullarini taklif etgan. Organik reagentlar sifatida tabiiy birikmalar (anabazin, gossipol, papaverin, pilokarpin va boshqalar) va ularning sintetik hosilalarini oʻrgangan. Nodir elementlar va biologik faol birikmalarni aniklashning fotometrik, kompleksonometrik, lyuminessent va elektrokimyoviy usullarini ishlab chiqqan.