Kontent qismiga oʻtish

Shukria Barakzai

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Shukria Barakzai

Shukria Barakzai, 2011-yil mart
Tavalludi 1970-yil, Kobul, Afgʻoniston
Fuqaroligi Afgʻoniston
Kasbi Siyosatchi, ambassador
Mukofotlari „Yilning eng yaxshi xalqaro muharriri“ (World Press Review (Worldpress.org), 2004)
„Yil ayoli“ („Womanʼs Hour“ dasturi, BBC Radio 4, 2005-yil dekabr)

Shukria Barakzai (pushtucha: شکريه بارکزۍ) – afgʻon siyosatchisi, jurnalist va musulmon feminist ayol, Afgʻonistonning Norvegiyadagi elchisi[1]. „Yilning eng yaxshi muharriri“ xalqaro mukofoti sovrindori.

Yoshlik yillari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shukria Barakzai 1970-yilda Afgʻonistonning Kobul shahrida tavallud topgan.

1990-yillarda Kobul universitetiga oʻqishga kirgan. Hukumat va mujohidlar oʻrtasidagi tobora kuchayib borayotgan zoʻravonlik harakatlari tufayli oʻqishni toʻxtatishga majbur boʻlgan. 1996-yilning sentyabr oyidaTolibon Kobulni egallab olgan edi. Oʻsha vaqtga kelib, koʻplab fuqarolar, ayniqsa, oʻqimishli oʻrta tabaqa vakillari mamlakatdan surgun qilingan.

Jurnalistikasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tolibon rejimi qulagach, Shukria Barakzai bu imkoniyatdan unumli foydalandi va 2002-yilda milliy haftalik gazeta „Aina-E-Zan“ (Ayollar oynasi) gazetasiga asos soldi. U, asosan, onalar va chaqaloqlar oʻlimi, Afgʻonistonning muammoli hududlari haqida kampaniyalar olib bordi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining (JSST) hisob-kitoblariga koʻra, 2003-yilda tugʻruq vaqtida vafot etgan ayollar soni boʻyicha Afgʻoniston dunyoda birinchi oʻrinni qayd etdi, har 100 000 nafar tirik tugʻilgan chaqaloqqa 1900 nafar vafot etgan ona toʻgʻri kelgan)[2]. Barakzaining taʼkidlashicha, „Bolalar nikohi, majburiy nikoh va ayollarga nisbatan zoʻravonlikka haligacha keng tarqalgan va qabul qilingan amaliyot sifatida qaraladi“. Feminist mamlakatdagi eng dolzarb masalalarga eʼtibor qaratgan holda: „Menimcha, burqa unchalik muhim emas. Muhimi taʼlim, demokratiya va erkinlikdir“, deydi[3]. Shukria Barakzai ayollar oʻrtasidagi birlikni saqlashda erkaklar ham oʻziga xos rol oʻynashini taʼkidlaydi[4].

Barakzaining fikricha, Tolibon rejimi davrida taqiqlangan mobil telefonlar kabi zamonaviy texnologiya vositalari afgʻon yoshlariga zamonaviy dunyo bilan integratsiyalashuvga yordam beradi. Misol uchun, turli iqtidorlarni kashf etuvchi televizon shou tanlovlari ishtirokchilariga ovoz berish uchun matnli xabarlardan foydalanish demokratik ovoz berish yoʻlining qay tarzda ishlashi va uning foydali tomonlarini koʻrsatib berishini aytadi[5]. Shuningdek, u oʻz lavozimidan foydalanib, mamlakatda matbuot erkinligi yoʻqligini, bu esa jurnalistlar uchun katta xavf tugʻdirishini baralla aytdi (Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti matbuot erkinligi roʻyxatida Afgʻonistonni 173 mamlakat ichida 156-oʻringa qoʻygan, ayniqsa, ayollar masalalari boʻyicha, shuningdek, viloyatlarda ishlayotgan jurnalistlar uchun vaziyat ogʻir ekanini aytib oʻtgan).

Siyosatga aralashuvi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shukria Barakzai AQSh Kongressi aʼzolari hamda Afgʻoniston parlamenti aʼzolari bilan birgalikda AQShning Kobuldagi elchixonasida nonushtada qatnashmoqda, Afgʻoniston.

Shukria Barakzai toliblar qulaganidan keyin yangi konstitutsiyani muhokama qilish va uni qabul qilish uchun koʻrsatilgan vakillar organi – 2003-yilgi Loya Jirgʻa aʼzosi etib tayinlanadi[6]. 2005-yilning oktyabr oyida boʻlib oʻtgan saylovlarda Afgʻoniston Milliy Assambleyasining quyi palatasi – Xalq palatasi yoki Volesi Jirga aʼzosi etib saylanadi. Shukria Burakzai oʻsha vaqtda 249 nafar deputat orasidagi 71 nafar ayoldan biri edi[7].

Shukria Burakzai ayollar huquqlarini himoya qiluvchi, oʻz qarashlari ketidan oʻlim tahdidiga duchor boʻlishi mumkin boʻlgan bir nechta ayol deputatlardan biri hisoblanadi[8]. Uning qonun chiqaruvchi organga nisbatan tanqidlari keng koʻlamli edi: „Bizning parlamentimiz lordlardan yigʻilgan. Jangchilar lordlari, narkobaronlar lordlari, jinoyatchilar lordlari“. Barakzai parlamentda zoʻravonlik tahdidlariga duch kelgan, jangovarlik harakatlarini qoralagan yana bir ayol deputat Malalai Joyani himoya qilgan holda: „Faqatgina men unga zoʻravonlik bilan tahdid qilgan deputatlar haqida gapirdim, shundan keyingina unga nisbatan zoʻravonlar jimib qolishdi“, deydi[9]. 2014-yilning noyabr oyida Kobulda ketayotgan konvoyga qilingan xudkushlik hujumi oqibatida Shukria Barakzai ham yaralanadi. Hujum oqibatida uch kishi halok boʻladi, yana 17 kishi turli darajada jarohat oladi[10].

2021-yilda Kobul qulaganidan keyin Shukria Barakzai Afgʻonistondan qochib ketadi[11].

Qarashlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

2004-yilga qadar yuzlab nashrlar va oʻnlab radiostansiyalarning rivojlanishi yoʻlida sharoit yaratib berishda xalqaro hamjamiyatning ularni qoʻllab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirar ekan, Barakzai AQSh siyosatining asosiy qismi boʻlgan qurolli guruhlar va qonunbuzarlarning qoʻllab-quvvatlanishini qoralaydi. Umrining koʻp qismini Kobulda oʻtkazgan boʻlsa-da, Barakzai poytaxt haqiqatda butun mamlakatda kechayotgan vaziyatni ifodalamasligini tan oladi va afgʻonlar duch kelayotgan barcha qiyinchiliklarda faqatgina Tolibonni ayblashdan bosh tortadi: „Afgʻoniston haqida gapirganda, mamlakatdagi barcha sharoitlarni muhokama qilishimiz kerak. Ahvoli juda yomon boʻlgan koʻplab viloyat va qishloqlarda Tolibon rejimidan oldingi davr, Tolibon davri va bugungi kun oʻrtasida hech qanday farq yoʻq“, deydi. U AQSh prezidenti Barack Obamaning qoʻshinlarni koʻpaytirish rejasiga qarshi boʻlib, shuncha askar oʻrniga undan 30 000 olim yoki muhandis soʻraydi[12]. Dastlab Barakzai 2014-yilda Afgʻoniston prezidentligiga oʻz nomzodligini qoʻyish niyatida boʻladi[13], oʻsha vaqtda uning yoshi konstitutsiyada belgilangan qoidalarga koʻra, 40 yoshdan oshgan edi, biroq Barakzai bu fikridan qaytadi.

Mukofotlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

2004-yilda World Press Review (Worldpress.org) Shukria Barakzaini „Yilning eng yaxshi xalqaro muharriri“ deb eʼlon qilgan boʻlsa[14], 2005-yilning dekabr oyida BBC Radio 4 ning „Womanʼs Hour“ dasturi tomonidan Barakzai „Yil ayoli“ deb topilgan[15].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „The Ambassador H.E. Ambassador Shukria Barakzai“. Embassy of the Islamic Republic of Afghanistan, Oslo, Norway. Qaraldi: 2018-yil 27-may.
  2. „Annexes by country (A-F)“, The world health report 2005 - make every mother and child count, World Health Organization, November 25, 2005da asl nusxadan (PDF) arxivlandi
  3. „Afghan Editor Works to Rebuild Country“ (Wayback Machine saytida 2009-08-11 sanasida arxivlangan) 30 July 2005 Women's E-News
  4. Ebadi. „Women & Power in Central Asia (Part 4): Roundtable On The Tajik, Afghan, and Iranian Experiences“. RadioFreeEurope/RadioLiberty (2005-yil 29-dekabr). Qaraldi: 2018-yil 1-iyun.
  5. „Afghans hope tech embrace could help quell violence“. CTV news. Associated Press (2009-yil 3-mart). 2009-yil 10-martda asl nusxadan arxivlangan.
  6. Mojumdar. „New Face of Afghan Politics“. Boloji (2005-yil 9-oktyabr). 2010-yil 28-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 1-iyun.
  7. Jason Staziuso. „Afghan tech boom: Mullah embraces iPhone“. Associated Press (2009-yil 3-mart). 2009-yil 6-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2009-yil 4-mart.
  8. Clancy Chassay. „Acid attacks and rape: growing threat to women who oppose traditional order: Female MPs speak out as conditions worsen and Islamists gain respectability“. The Guardian (2008-yil 22-noyabr). Qaraldi: 2009-yil 8-iyul.
  9. „The Media Report“. Australian Broadcasting Corporation (2006-yil 22-iyun). Qaraldi: 2009-yil 8-iyul.
  10. „Afghan woman MP survives car attack“. BBC News (2014-yil 16-noyabr). Qaraldi: 2014-yil 16-noyabr.
  11. „'I Feel Great Pain': How A Former Afghan Female Legislator Escaped The Taliban“. RFE/RL. 2021-yil 15-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 8-sentyabr.
  12. Anand Gopal. „Many in Afghanistan oppose Obama's troop buildup plans“. Christian Science Monitor (2008-yil 2-mart). 2009-yil 19-martda asl nusxadan arxivlangan.
  13. „Successful Afghan politician still victim of tradition“, 8 March 2009 Taipei Times
  14. „International Editor of the Year Award“. Worldpress.org. Qaraldi: 2016-yil 26-sentyabr.
  15. Women of the Year: Shukria Barakzai, BBC Radio 4.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vikiomborda Shukria Barakzai mavzusiga oid fayllar bor