Shpindel
Shpindel (nem. urchuq) — 1) metall qirqish stanogining ish vali. Unga asbob (freza, parma, jilvir tosh va boshqalar) yoki ishlov beriladigan buyum mahkamlanadi. Sh. tishli va tasmali uzatma orqali yoki bevosita elektr dvigatel yoki havo turbinasidan harakatga keltiriladi; 2) prokat stani vallarini aylanma harakatga keltiruvchi oraliq val. shahrining bir uchiga prokatlash vali (joʻva), ikkinchi uchiga harakatlantirish vali qoʻzgʻaluvchan qilib biriktiriladi; 3) yigirish mashinasi urchugʻi; 4) kema shpali (chigʻiri) ning oʻqi yoki klapanining sterjeni; 5) paxta terish mashinasi ish organi. Paxta terishapparatiga oʻrnatilishiga qarab, Sh. vertikal (tik) va gorizontal (yotiq) xillarga boʻlinadi, paxta terish mashinasi esa vertikal Sh.li mashina va gorizontal Sh.li mashina deb nomlanadi. Oʻzbekistonda 20-asr 90-yillari oʻrtalarigacha asosan vertikal Sh.li mashinalardan foydalanilgan, bundan keyin gorizontal Sh.li mashinalar ham ishlatila boshladi. Vertikal shahrining dastlabki xillari poʻlat val (sterjen) yoki truba (quvur) sirtiga 3 yoki 4 qator vertikal arrasimon tishlar qirqib chiqarilgan. Bunday Sh.lar paxta terish jarayoni talablariga toʻliq javob bermasligi (ularni tayyorlash va taʼmirlash texnologiyalari murakkabligi, terilgan paxtaning sifatiga taʼsir qilishi, tishlarni teztez yuvib turish lozimligi) ni hisobga olib, oʻzi tozalanadigan tarkibiy Sh. yaratildi. Uning asosiy ish organi — ikki yoniga shtamplab tishlar chiqarilgan poʻlat lenta. Uni 4 qirrali poʻlat quvurga spiral holida oʻrab (tishlarini vint chizigʻi boʻyicha joylashtirib), bir uchi mahkamlangan va ikkinchi uchi boʻsh qoldirilgan. Bunday konstruksiyadagi Sh. tebranma harakatlanishi natijasida sirtiga, tishlariga gʻoʻza tupi, barglari va oʻtlarning shirasi yopishmasligi tufayli terim mashinasining ish unumdorligi oshdi, terilgan paxtaning ifloslanishi va tolaning mexanik shikastlanishi kamaydi, eng asosiysi shahrini teztez yuvib turishga hojat qolmadi. Vertikal Sh.li paxta terish mashinasining barabaniga 12 tadan Sh. oʻrnatilgan. Mas, ikki qatorli terim apparatida 8 ta baraban boʻlib, Sh.lar soni 96 taga yetgan. Sh. tish chiqarilgan qismining uz. 60 mm.
Gorizontal Sh. poʻlat sterjendan tayyorlanadi. Uzunligi 145 mm boʻlib, 3 qatorli tish qirqib chiqarilgan 70 mm li qismi konussimon shaklda, ikkinchi uchiga harakatga keltiruvchi konussimon tishli gʻildirak (shesternya) yasalgan. Bunday Sh.lar kassetalarga oʻrnatiladi. Mas, 2 qatorli mashinada 48 ta kasseta boʻlib, har biriga 18 tadan Sh. oʻrnatiladi, ularning mashinadagi umumiy soni 864 ta. Texnologik jarayon (paxta terish)da Sh. tishlariga shira yopishmasligi uchun shu 864 ta shahrining har birini suv bilan namlab turish maqsadida poleuratandan tayyorlangan yostiqcha, suv bilan taʼminlash usukunalari, 500 l hajmli bakdagi suvni yostiqchalarga yetkazib beradigan nasos koʻzda tutilgan. Gorizontal Shlar taʼmirlanmaydi, maʼlum muddat ishlatilgach, tashlab yuboriladi. Sh.larning ishlash tartibi paxta terish mashinasi maqolasida keltirilgan.
Vertikal Sh.lar tuzilishi, tayyorlanishi va ishlatilishi jihatdan gorizontal Sh.larga nisbatan ancha ustun va arzon turadi. Vertikal Sh., asosan, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan, gorizontal Sh. AQSH da ishlab chiqariladi. Oʻzbekistonlik olim va ixtirochichkonstruktor L.M. Rozenblyum Oʻzbekiston sharoitida vertikal shahrining gorizontal shahridan afzalligini ham nazariy, ham amaliy jihatdan isbotlagan. Tarkibiy vertikal shahrini Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Mexanika va inshootlarning seysmik mustahkamligi institutida akademik H.H. Usmonxoʻjayev va texnika fanlari nomzodi Q. Inogʻomovlar yaratishgan.
Anvar Rizayev, Qoʻrqmas Inogʻomov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |