Shinshillasimonlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Shinshillasimonlar — kemiruvchilar oilasi. Uzunligi 22—66 sm, dumi 7,5 — 32 sm, vazni 0,5–7 kg. Koʻzi va quloqlari katta, dumi qalin yung bilan qoplangan. Janubiy Amerika pasttekisligi va togʻlarida tarqalgan. 3 urugʻi: viskashlar, togʻ viskashlari va shinshillalar bor. Shinshillalar urugʻi gavdasining uzunligi 22— 38 sm, dumi 7,5—15 sm, vazni 0,5–1 kg. Moʻynasi qalin va yumshoq, orqasi moviy yoki malla kulrang, qorni sargʻish oq. Chili va Boliviyaning togʻli choʻl mintaqasida uchraydi. Koyalar yorigʻida toshli joylarda katta koloniya boʻlib yashaydi. Ertalab va kechqurun faol. Kisqa sakrab harakatlanadi. Oʻsimlikning yer ustki qismlari bilan oziqlanadi. Yilda 1—3 marta 1—6 tadan bola tugʻadi. 18-asrdan boshlab qimmatbaho moʻynasi uchun koʻplab ovlanishi tufayli deyarli qirib yuborilgan. Hozirgi muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirish bilan soni birmuncha ortgan. Moʻynachilik fermalarida boqiladi. 2 turi Xalqaro Kizil kitobga kiritilgan.