Shaxsning huquqiy holati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Shaxsning huquqiy holati (OʻzRda) — shaxsning jamiyat, davlat va boshqalar shaxslar bilan boʻladigan oʻzaro munosabatlardagi real ahvolini koʻrsatuvchi holati. U shaxsning yuridik jihatdan mustahkamlab qoʻyilgan va jamiyatda tutgan oʻrnini belgilaydigan huquqlari, erkinliklari, majburiyatlari yigʻindisidir. Shaxsning huquqiy holati. Konstitutsiya va unga muvofiq chiqarilgan boshqa qonun hujjatlarida mustahkamlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 2 boʻlimi inson va fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va burchlariga bagʻishlangan. Oʻzbekistonda Shaxsning huquqiy holati. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari umumiy deklaratsiyasida toʻla mos keladi. Shaxsning huquqiy holatini oʻrnatuvchi huquqiy normalar: huquqiy layoqat, asosiy huquq va majburiyatlar; qonuniy manfaatlar; fuqarolik; yuridik javobgarlik; huquqiy tamoyillar; umumiy xarakterdagi huquqiy munosabatlarni oʻz ichiga oladi. Shaxsning huquqiy holati asosini konstitutsiyaviy huquq va majburiyatlar tashkil etadi. Shaxsning huquqiy holati quyidagi turlarga ajratiladi: fuqaroning umumiy yoki konstitutsiyaviy huquqiy holati; shaxsning maxsus huquqiy holati, fuqarolarning alohida kategoriyalari huquqiy holati; jismoniy va yuridik shaxslar huquqiy holati; chet el fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar yoki ikki fuqarolikka ega shaxslar hamda qochqinlarning huquqiy holati; xorijiy mamlakatlarda yashayotgan Oʻzbekiston fuqarolari huquqiy holati; tarmoqqa oid, yaʼni fuqarolik huquqiy, maʼmuriy huquqiy Shaxsning huquqiy holati; kasbi va mansabiga bogʻliq holda (vazir, deputat va shahrik.larning) shaxslarning huquqiy holati; alohida sharoitlarda, alohida hududlarda (Orol boʻyi, baland togʻ sharoitida, zararli obʼyektlarda) ishlayotgan shaxslarning huquqiy holati.

Shaxsning umumiy huquqiy holati — bu insonning muayyan davlat fuqarosi va jamiyatning aʼzosi sifatidagi huquqiy holatidir. Umumiy huquqiy holat Konstitutsiya bilan belgilanadi va barcha uchun bir xil va yagona hisoblanib, u nisbatan barqaror va umumiy shaklda amal qiladi. Shaxsning umumiy huquqiy holatining mazmuni asosini Konstitutsiyada hammaga va har bir kishiga berilgan va kafolatlangan huquq va majburiyatlar tashkil etadi. Shaxsning umumiy huquqiy holati huquqiy holatning boshqa turlari uchun asos va poydevor boʻlib xizmat qiladi.

Shaxsning maxsus huquqiy holati — fuqarolarning alohida kategoriyalari (qatlamlari) huquqiy holati xususiyatlarini oʻzida ifodalaydi (talabalar, harbiylar, nafaqaxoʻrlar, oʻqituvchilar, nogironlar, urush qatnashchilari va shahrik.). Maxsus huquqiy holat egalari umumiy konstitutsiyaviy huquqiy holatga asoslangan holda, qoʻshimcha huquq va majburiyatlarga, imtiyoz va xususiyatlarga ega boʻladi.

Shaxsning individual huquqiy holati — alohida bir shaxsning mavjud jihatlari (yoshi, jinsi, oilaviy ahvoli, xizmat vazifasi va shahrik.)ni belgilaydi va u har bir shaxsga tegishli boʻlgan aniq huquq va majburiyatlardan iboratdir. Individual huquqiy holat inson hayotida roʻy beradigan oʻzgarishlarga bogʻliq holda oʻzgarib turadi. Umumiy, maxsus va individual huquqiy holatlar oʻzaro bogʻliq. Umumiy huquqiy holat hammada bir xil; maxsus huquqiy holatlar bir qancha boʻladi, shuningdek, fuqaro qancha boʻlsa shuncha individual huquqiy holat mavjuddir. Shaxsning huquqiy holatih.ning barcha turlari umumiy huquqiy holatga zid kelmasligi kerak.

Mavluda Ahmadshoyeva.