Shahobiddin Ahmad Nasafiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Shahobiddin Ahmad Nasafiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Dini Islom
Tanilgan sohasi shoir,adib

Shahobiddin Ahmad Nasafiy (arabcha: شهاب الدين احمد النسفي — Shahobiddin Ahmad Nasafiy — Toʻliq ismi: Shahobiddin Ahmad ibn Muayididdin Nasafiy (Samarqandiy) (XII asr) shoir va adib.

Hayoti va Faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shahobiddin Ahmad Nasafiy ham o‘z davrining taniqli so‘z ustalaridan biri bo‘lib yetishgan. Samarqandda, Abulmuzaffar Ruknuddin Qilich Tamg‘ochxon Mas’ud ibn Hasan (1162-73-yillar) davrida yashagan. Bu hukmdor shaʼniga bir qator qasidalar yozgan. Ammo umrining oxirlarida saroydan uzoqlashib, o‘z holicha, oddiy yashashni ixtiyor etgan. Nizomiy Aruziy Samarqandiy o‘zining „Majmaʼu-n-navodir fi chahor maqolot“ asarida Saljuqiylar sulolasi podshohlarining nomlarini abadiylashtirgan shoirlar qatori uning ham nomini tilga olgan. Shoirning sheʼrlar devoni bizgacha yetib kelmagan. „Lubobu-l-albob“ va „Majmaʼu-l-fusaho“ tazkiralarida uning uch-to‘rt qasidasi keltirilgan. Taniqli Eron olimi Said Nafisiy qadimiy qo‘lyozmalardan uning yana bir necha qasidasini topib, „Tarixi Bayhaqiy“ kitobiga ilova tarzida chop ettirgan. Bu asar shoirning yuksak iqtidoridan dalolat beradi. Uning sheʼrlardan biri:

Bunogo‘shi tu, ey turki sumansimoi simintan,
Sumanro xok zad dar chashmu gulro chok pirohan.

Zanaxdoni tu chun go‘y astu chun chavgon maro qomat,
Gireboni tu purmoq astu purparvin maro doman…

Agar turra biyafshoni, v-agar ruxsora binmoi,
Zihi dardi shabi tira, zihi sharmi mahi ravshan,

Zi aksi lab mae dodi ba mo, k-az jur’ai jomash
Miyoni chashmi mardumho chu mastonand dar gulshan.

Mazmuni: Ey, gul yuzli, go‘zal vujudli turk (go‘zal), sening nozik qulog‘ing va sirg‘angni ko‘rib, suman guli ko‘ziga tuproq sochdi, atirgul ko‘ylagini yirtdi. Agar sening go‘zal iyaging chavgon to‘pidek bo‘lsa, mening qomatim chavgondir, sening bo‘yningda oylar jilva qilsa, mening etagimda yulduzlar aksi bor. Agar sochingni yoyib, yuzlaringni ko‘rsatsang, qorong‘u tun sochingdan, oy esa yuzingdan sharmanda bo‘ladi. Labing aksi tushgan maydan bizga berding, undan bir qultum ichib, odamlar ko‘ziga gulshandagi mastlarga o‘xshab qoldik.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. O‘rta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. – Samarqand.Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. – B. 471.