Shaftolu

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Shaftolu — soʻzi XV asrlargacha yaratilgan turkiy badiiy, ilmiy asarlarda uchramay, uning oʻrniga umumnom oʻrik bilan nomlangan. Ammo baʼzi tadqiqotchilar shaftoli soʻzining birinchi qismida sheft-shift — qattiq maʼnosi bor deb taxmin qiladilar. Shaftolu soʻzi qadimgi yozma manbalarda uchramadi. Hattoki, Mahmud Qoshgʻariyning mashhur lugʻatida ham oʻrin berilmagan. Alisher Navoiy asarida shaftolu tarzida qoʻllangan: Ochilur olu guli, oʻrtada shaftolu guli, Vahki, shaftolu gulidur yo erur olu guli.

Shaftolu soʻzining manbasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ushbu soʻz oʻzbek va boshqa turkiy tillarning deyarli barchasida faol qoʻllanadi, yana fors, tojik, afgʻon tillarida ham mavjud. Soʻzning manbasi fors-tojik tillari boʻlib, oʻzbek va boshqa turkiy tillarga oʻzlashgan.

Shaftolu sozi boshqa tillarda[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hozirgi fors tilida holu-shaftalu, tojik tilida shaftolu, afgʻon tilida shaftalu, oʻzbek tilida shaftoli, noʻgʻay tilida shapdal, ozarbayjon tilida shaftali-hulu, uygʻur tilida shaptula, uygʻur shevalarida shaptol, shaptul, shaptol, sheptol, qirgʻiz tilida shabdaliʼ-shaptaliʼ, qozoq tilida shapdaliʼ, qoʻmiq tilida shaptal, turkman tilida shepdaliʼ, urdu tilida aru-shaftalu shaklida qoʻllanadi.

Shaftolu soʻzi ishlatilgan manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

XII asr lugʻati „Muqaddimat al-adab“da shoftolu (Borovkov, 1971,107), qipchoq lugʻatida shaftoli (Mutallibov, 1968,51), „Boburnoma“da shaftolu (Bobur, 1960,39), „Turkiy tillar lugʻat“ida shiftalu (Budagov, I, 1869,669), shaptul (Radlov, I-IV, 1911,985) formalarida keladi.

Shaftolu soʻzining morfemik tarkibi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Soʻzning birinchi qismi shaft boʻlib, u oq rangni bildiruvchi sifat, ikkinchi qismi olu-oli esa fors-tojik tillarida mevalarni atovchi umumnomdir. Shaft soʻzi ham tarixiy taraqqiyot bosqichlarida turlicha tovush oʻzgarishlariga uchrab, hozirgi fors, tojik tillarida safed-safid formalarida qoʻllanadi. U qadimgi eron tilidagi spita, spaita — oq, oqliq, oq rang soʻzidir. Olu-oli esa qoʻshma soʻz tarkibida kelganida koʻpgina tillarda turlicha formalarda keladi. Meva turi orqali meva nomini atovchi bu soʻz dastlab ikki mustaqil soʻzdan iborat boʻlib, davrlar oʻtishi bilan qismlar orasidagi grammatik munosabat kuchsizlana borib, natijada soʻz-oʻzaklar birlashgan.

Shaftolu soʻzining fonetik xususiyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shaftolu soʻzi oxiridagi lablangan u unli tovushining lablanmagan i ga oʻtishi hozirgi oʻzbek tilining oʻziga xos ichki fonetik xususiyatidir. Shaftoli soʻzi fors-tojik tili vositasida eski oʻzbek tiliga oʻtib oʻzlashgan. Bir tildan ikkinchi qardosh boʻlmagan tilga oʻtib oʻzlashgan soʻz, koʻpincha, shu oʻzlashgan tilning ichki fonetik qonuniyatlariga moslashadi

Shaftolu soʻzining fonetik varyantlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

•shaftolu •shaftalu •shapdal •shaftali •shaptula •shaptul •shaptol •sheptol •shabdali •shaptali •shaptal •shaptol •shiftalu

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

(Wayback Machine saytida 2022-12-03 sanasida [https://web.archive.org/web/20221203143251/https://saviya.uz/ijod/tilshunoslik/shaftoli/ arxivlangan)

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

[1]

  1. Vafoyev, Bahrom. Meva nomlari, "FAN" nashriyoti, Toshkent, 1991 — 9-12 bet. ISBN 5 - 648 -01251 -9.