Seysmik shkala

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Seysmik shkala - zilzila paytida yer sirtida vujudga keladigan tebranishlar kuchi (jadalligi)ni baholash (oʻlchash) uchun ishlatiladigan jadval. Tebranishlar kuchi gruntdagi qoldiq deformatsiya (oʻzgarish) koʻlami va shakliga, bino va inshootlarning shikastlanish drajasiga va boshqa tashqi koʻrsatkichlarga qarab baholanadi. Seysmik shkalaning turi koʻp. Ulardan biri 1917-yil Xalqaro seysmik assotsiatsiya tomonidan qabul qilingan 12 balli Merkalli — Kankani — Ziberg shkalasi (hozirgi baʼzi Yevropa mamlakatlarida qoʻllanadi). 1931-yil AQSH da Vud va Nyuman tomonidan qabul qilingan 12 balli MM shkalasi, 1964-yil S. V. Medvedev (Moskva) tomonidan tavsiya etilgan 12 balli shkala ham bor. 1964-yil Parijda YUNESKO davlatlararo yigilishida tavsiya etilgan 12 balli MSHK64 shkala S. V. Medvedev (Moskva), V. Shponxoyer (Germaniya) va V. Karnik (Praga) tomonidan tuzilgan. Yer sirtidagi tebranishlar kuchini ballarda oʻlchash bilan birga zilzilalarni magnituda (tebranishlar yoki silkinishlar qiymati) boʻyicha tasniflash usuli ham ishlatiladi (qarang Rixter shkalasi). Magnituda zilzila oʻchogʻi tarqatadigan energiya logarifmiga mutanosib (moye) boʻladi (mas, 1966-yilgi Toshkent zilzilasining kuchi 8 ball deb baxrlangan, magnitudasi esa 5,3 ga teng boʻlgan). Baʼzi mamlakatlar (mas, Yaponiya) da 7 balli shkala qoʻllanadi. Seysmik shkala boʻyicha zilzila oqibatlarining tashqi koʻrinishlari (shikastlanish, yemirilish, oʻpirilish, yorilish, darzlar va boshqalar)dan tashkari tebranish jarayonlari (siljish, surilish, tezlik, tezlanish va boshqalar)ni ham hisobga oladigan maxsus asboblar (seysmograf, akselerograf va boshqalar) yordamida ham aniqlanadi. Seysmik shkala zilzilaning tashqi alomatlarini oʻrganish, seysmik haritalar tuzish, seysmik hududlashtirish va cheklangan hududlarni mikrohududlashtirish va boshqa maqsadlarda qoʻllanadi.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Rixter Ch., Elementarnaya seysmologiya, M., 1963; Abdullabekov K,., Zilziladan saqlanish mumkinmi?, T., 1992.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil