Seolitlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Seolitlar (yun. zeo — qaynayapman va lithos — tosh) — minerallar guruhi, ishqor suvli alyumosilikatlar. Struktura va morfologik xususiyatlariga koʻra, S. quyidagi mineral guruhlariga ajratiladi: natrolit guruhi — mezolit, skoletsit, tomsonit, gonnardit, edingtonit, mauntinit, rod-zit va boshqa; geylandit guruhi — stilbit, epistilbit, dikiardit, bryusterit, ferryerit, klinoptilolit va boshqa S. tabiatda sof holda uchraydi hamda sunʼiy yoʻl bilan ham olinadi. Tabiiy S. 40 dan ziyod mineral turidan iborat boʻlib, ulardan asosiylari, analtsim, lomontit, fil-lipsit, natrolit, mordenit, geylandit, klinoptilolit, shabazit, erionit, fojazitlardir. Sof S. oq, baʼzan rangsiz va shaffof, qizgʻish, jigarrang va yashil tuslilari mavjud. Qattiqligi 3—5, zichligi 2—2,3 g/sm3. S. asosan, effuziv togʻ jinslari orasidagi boʻshliqiarda va gidrotermal jarayonning oxirgi bosqichlarida paydo boʻladi. Choʻkindi togʻ jinslari orasida autigen koʻp uchraydi. S. neft uglevodorodlarini ajratish va tozalashda, katalizator sifatida hamda gazni tozalash, quritish va gazlarni (shu jumladan, havoni) ajratishda, freonlarni quritishda, radioaktiv elementlarni chiqarib olishda, kuchli vakuumlarni hosil qilishda ishlatiladi. S. konlari Rossiya Federatsiyasi (Voronej), Armaniston va Gruziyada mavjud. Oʻzbekistonda gilmoyalar va opokasimon gillar orasida uchraydi.