Sekretsiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sekretsiya (lotincha: secretio — ajratish) — bez hujayralarida organizmning hayot faoliyati uchun zarur boʻlgan maxsus mahsulotlar — sekretlar hosil boʻlishi va chiqarilishi. Organizm hayot faoliyati davomida har bir hujayrada ichki yoki tashqi muhitga ajratiladigan metabolizm mahsuloti hosil boʻladi. Agar sekret ajratish maxsus hujayraning asosiy funksiyasi boʻlsa, bu funksiya S. deb ataladi. Tashki yoki ekzokrin S. (bez hosil qilgan mahsulot tashqariga chiqariladi), ichki yoki endokrin S, yoxud inkretsiya (sintezlangan moddalar qon yoki limfaga ajratiladi) boʻladi. Har qanday bezning sekretor siklida ikki: sekret biosintezi va sekret ajratilishi fazalari bor. Baʼzi bezlarda ikkala faza bir vaqtda, ayrimlarida esa boshqa paytda sodir boʻlishi mumkin. S. — hujayra ichida sintez qilingan mahsulotning astasekin yetilib, ketma-ket bir organoiddan boshqasiga oʻtkazilib turadigan izchil jarayondir. Boshlangʻich mahsulotlar (aminokislotalar, monosaharidlar, yogʻ kislotalari, tuzlar) qon va toʻqima suyuqligidan bez hujayralariga yutiladi. Sekret biosintezi (ayniqsa, oqsil mahsulotlari) endoplazmatik toʻrda boshlanadi. Bunda hujayra membranasida adsorblangan aminokislotalar (ribosoma) ribonuklein kislota (RNK)si belgilangan ketma-ketlik asosida birbiri bilan birikadi. Sintezlangan boshlangʻich mahsulot endoplazmatik toʻr tirqishlari va lakunalarda yigʻiladi, soʻng Golji komteksta oʻtib, u yerda yetiladi. Bez hujayralaridagi juda koʻp mitoxondriyalar bu jarayon uchun energiya beradi.

Sekretor siklning ikkala fazasi regulyasiyasi ham bir necha boshqaruvchi (nerv va gumoral) omillarning hamkorlikda yoki birinketin taʼsiri bilan belgilanadi (qarang Neyrogumoral regulyasiya) S. neyrogormonlarni ishlab chiqaradigan baʼzi neyron (neyrosekretor)lar va maxsus moddalar — mediatorlarni hosil qiladigan oddiy nerv hujayralari uchun ham xos.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil