Savodlilik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Savodlilik, savodxonlik 1) aholi madaniy saviyasi kursatkichlaridan biri; 2) odamning adabiy til normalariga muvofiq keladigan ogʻzaki va yozma nutq malakalariga egaligi; 3) oddiy matnlarni oʻqiy olish yoki ularni oʻqish va yoza olish koʻnikmasiga egalik; 4) muayyan soha boʻyicha bilimga egalik (siyosiy S, texnik S, tibbiy S). "S." tushunchasining mazmunmohiyati jamiyat taraqqiyotining turli bosqichlarida uning ijtimoiy, siyosiy, ilmiy, madaniy hamda ruhiy saviyasiga bogʻliq ravishda oʻzgarib turadi. Siyosiy qarashlarning noxolisligi va milliy kamsitish ruhidagi yondashuvlar biror mamlakat yoki millat S. darajasini belgilashda salbiy taʼsir koʻrsatadi. Chunonchi, chor Rossiyasida chiqadigan "Vestnik vospitaniya" jurnali 1900-yilda Turkiston oʻlkasi nihoyatda qoloq hamda mutlaqo savodsiz elatlardan iborat va ularni savodli qilish uchun kamida 4600-yil kerak degan gʻirt soxta xulosani yozgan. Shoʻro davridagi deyarli barcha ilmiy manbalarda esa, 1917-yil Okt. toʻntarishiga qadar Oʻzbekiston aholisining 1,5—2% gina savodli degan yolgʻondan iborat maʼlumotlar koʻrsatilardi. Holbuki, 1897-yilgi aholini roʻyxatga olish maʼlumotlariga koʻra, Rossiya markazi aholisining S. darajasi 21% ga, Turkiston oʻlkasi xalqining S darajasi esa 19,5% ga tengligi qayd etilgan. Soʻnggi davrda olib borilgan tadqiqotlar natijasida aniqdangan, ammo hali ham unchalik toʻla boʻlmagan maʼlumotlarga kura, 1913-yil Turkiston oʻlkasida 7665 maktab va Madrasa faoliyat koʻrsatgan. Bu raqam oʻlkamiz aholisining S. darajasi rasmiy maʼlumotlarda qayd etilganiga qaraganda ancha baland boʻlganligini koʻrsatadi.

Shoʻro hukumati uz siyosiy manfaatlaridan kelib chiqib, aholining S. darajasini yuksaltirish borasida bir qator ishlarni amalga oshirdi. 1919-yil 26 dekabrda RSFSR XKS tomonidan chiqarilgan Dekretda 8 yoshdan 50 yoshgacha boʻlgan oʻqishni bilmaydigan har bir odam oʻz xohishi bilan ona tili yoki rus tilida savod chiqarishi lozimligi belgilab qoʻyildi. Bu tadbir aholining S. darajasini yuksaltirishga ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Ayni vaqtda, sezdirmay amalga oshirila boshlagan ruslashtirish siyosatining koʻrinishi ham boʻldi. 1920-yilda mamlakat Maorif xalq komissarligi qoshida Savodsizlikni tugatish komissiyasi tuzildi. Mamlakatdagi barcha viloyat, shahar va tumanlarda bu komissiya shoʻʼbalari vujudga keltirilib, savod chikarish maktablari hamda kurslar tashkil etish bilan shugʻullandi.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng aholining S. darajasini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratildi. Chunki jamiyat aʼzolarining S. darajasi mamlakat taraqqiyotini taʼminlaydigan asosiy omillardan biri ekanligi anglab yetildi. Shuning uchun ham Kadrlar tayyorlash milliy dasturi qabul kilinishi (1997) munosabati bilan majburiy taʼlim muddati bir yilga uzaytirildi. Eng muhimi, taʼlimning mazmuni, uni tashkil etish yoʻli, taʼlim mohiyatini belgilash borasida yangi konsepsiyaga amal qilina boshlandi. Milliy istiqyaol gʻoyasini singdirish umumdavlat ahamiyatiga ega tadbir sifatida qaraladigan boʻlishi bilan S.ning ahamiyati ham sezilarli darajada ortdi. Mamlakatimizda taʼlim tizimi shunday uyushtirilganki, biror sogʻlom kishi oʻqishdan chetda qolmaydi.

"S." tushunchasi turli joylarda turlicha belgilanadi. Ayrim mamlakatlarda oddiy matnlarni oʻqishni bilgan odam savodli hisoblangan boʻlsa, baʼzi yurtlarda oʻqish bilan birga yozishni ham bilgan odam savodli hisoblangan. Shuning uchun ham "S." tushunchasi mohiyatini tayin etish masalasi demografik statistika va aholi roʻyxati dasturlariga doir xalqaro yigʻilishlarda bir necha bor koʻrib chiqilgan. YUNESKO ning 1958-yil Parijda boʻlib oʻtgan 10sessiyasida barcha mamlakatlarda S. tushunchasini bir xillashtirish maqsadida yozuvni tushunib oʻqiy oladigan va oʻzining kundalik hayotini yozma ravishda bayon qila biladigan kishilarni savodli hisoblashga kelishilgan.

Ilm-fan tinimsiz rivojlanayotgan, axborot texnologiyasi takomillashib, i neon tafakkurining imkoniyati yuksalib borayotgan ayni kunlarda ham S. darajasi dunyo miqyosida u qadar yuqori emas. YUNESKOning tegishli tizimlari bergan maʼlumotlarga koʻra, rivojlanayotgan mamlakatlarda aholining tez koʻpayishi, bolalarning taʼlim tizimiga toʻliq jalb etilmasligi sababli S.ning pasayib borayotganligi kuzatilmoqda. Hatto yuksak darajada rivojlangan mamlakatlarda ham savodsiz kishilar miqdori aholi qatlamining kattagina foizini tashkil etadi. Shuning uchun ham 1966-yil YUNESKO ning Bosh anjumanida 8 sentabr Xalqaro savod tarqatish kuni ekanligi belgilab qoʻyildi.

Qozoqboy Yoʻldoshev.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil