San-marino

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

San-marino (San Marino), SanMarino Respublikasi (Repubblika di San Marino) — Janubiy Yevropada, Apennin yarim orolda, Adriatika dengizi sohilidan 13 km uzoqlikda joylashgan davlat. Italiya hududi bilan oʻralgan. Maydoni 61 km². Axoliyey 27730 kishi (2002). Poytaxti — SanMarino sh. Maʼmuriy jihatdan 9 okrug (qoʻrgʻon)ga boʻlingan.

Davlat tuzumi. S.M. — respublika. Amaldagi konstitutsiyasi ("Statut" — S.M. Respublikasi davlat tuzilishi tizimi toʻgʻrisidagi qonunlar majmuasi) 1600-yil 8 oktabrda maʼqullangan. Keyinchalik unga tuzatishlar kiritilgan. Katta Bosh Kengash tomonidan 6 oy muddatga saylanadigan ikki kapitanregent davlat boshligʻy vazifasini bajaradi. Qonun chiqaruvchi oliy organ — Katta Bosh kengash (bir palatali parlament). Ijroiya hokimiyatni kapitanregentlar Davlat kongressi (hukumat) bilan birgalikda amalga oshiradi.

Tabiati. S.M. — togʻli mamlakat, Apennin togʻlari etagidagi Titano togʻi (bal. 738 m) yon bagʻrida joylashgan. Oltingugurt koni bor. Iklimi Oʻrta dengizga xos, subtropik (eng issiq oyda oʻrtacha temperatura 23°, eng sovuq oyda 2,5°), qishda baʼzan qor yogʻadi. Oʻrtacha yillik yogʻin — 800–900 mm. Subtropik oʻsimliklar, eman va kashtanzorlar bor. Qush koʻp.

Aholisi — asosan, sanmarinoliklar. Rasmiy til — italyan tili. Aholisining 15%ga yaqini chet ellarda, asosan, Italiyada, shuningdek, Fransiya va AQShda yashaydi. Shahar aholisi 89,3%. Dindorlari — katoliklar. Yirik shaharlari: SanMarino, Serravalle, BorgoMajore.

Tarixi. S.M. Yevropadagi qad. davlatlardan hisoblanadi: tarixi 301 yildan boshlanadi. Rivoyatlarga qaraganda, unga Dalmatsiyadan qochib kelgan xristian dinidagi toshkesar Marino asos solgan (keyinchalik uni avliyo deb atashgan, "san" old qoʻshimchasi shundan kelib chiqqan). Birinchi bor SanMarino Respublikasi nomi 10-asr hujjatlarida qayd etilgan. 1740-yil Rim papasi respublika mustaqilligini tan olgan. Yagona Italiya davlati tashkil etilgach (1861), S.M. 1862-yilda Italiya bilan doʻstlik va totuv qoʻshnichilik toʻgʻrisida shartnoma tuzgan. 1923-yil SM.da hokimiyatni fashistlar egalladi. Ikkinchi jahon urushida S.M. betaraflik eʼlon qilgan boʻlsada, 1944-yil 4 sentabrda nemis fashistlari uni bosib oldi, ammo tez orada ozod qilindi. Urushdan keyingi yillarda mamlakat muxim xalqaro turizm maskanlaridan biriga aylandi. S.M. — 1992-yildan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 3 sentabr — Respublikaga asos solingan kun (301).

Asosiy siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. S.M. sotsialistik partiyasi, 1896-yil tuzilgan; S.M. xristiandemokratik partiyasi, 1945-yil tashkil etilgan; Demokratlar partiyasi, 2000-yil tuzilgan; S.M. kommunistik oʻzgartirish partiyasi; S.M. taraqqiyparvar demokratik partiyasi, 1990-yil asos solingan; S.M. milliy uyushmasi, 2001-yil tashkil etilgan. S.M. mehnatkashlari demokratik konfederatsiyasi, 1957-yil tuzilgan; S.M. mehnat konfederatsiyasi, 1945-yil asos solingan.

Xoʻjaligi. S.M. sanoati va hunarmandchiligi ichki ehtiyoj va chet el sayyohlariga xizmat qilishga ixtisoslashgan (1 yilda 3 mln. sayyoh kelib ketadi). Bundan tashqari, toʻqimachilik, sement, qogʻoz, koʻnchilik, metall ishlash, kimyo, mebel, keramika, vinochilik, un, yogʻ i.ch. korxonalari ham bor. Hunarmandchilik (esdalik sovgʻalar, qimmatbaho tosh va yogʻoch buyumlari i.ch.) rivojlangan. Numizmatlar uchun tangalar va pochta markalari chiqariladi. Italiyaning mashinasozlik va boshqa firmalari filiallari bor. Qishloq aholisi, asosan, gʻallachilik (bugʻdoy, makkajoʻxori), tokchilik, chorvachilik bilan shugullanadi. Elektrlashtirilgan temir yoʻl va avtomobil yoʻli S.M.ni Italiyaning Rimini sh. va porti bilan bogʻlaydi, mamlakatning tashqi savdosi shu shahar orqali amalga oshiriladi. Chetdan sanoat xom ashyosi, energiya manbalari, oziq-ovqat oladi, chetga vino, mashinasozlik va kimyo mahsulotlari, suvenirlar chiqaradi. Pul birligi — Italiya lirasi.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Nashr etiladigan asosiy gaz.lar: "Argomenti" ("Dalillar", oylik gaz.), "Nuovo Titano" ("Yangi Titano", 2 haftada bir marta chiqadigan gaz., 1902-yildan), "Progresse" ("Taraqqiyot", oylik gaz., 1944-yildan), "SanMarino" (2 haftada bir marta chiqadigan gaz., 1948-yildan). Milliy axborot agentligi yoʻq. "SanMarino RTV" radiotelevizion xizmati (1991-yildan) va "Radio Titano" radio stansiyasi bor.

Meʼmorligi va sanʼati. Devor bilan oʻralgan poytaxtdagi yonmayon kurilgan 1—3 qavatli uylar togʻ qiyaliklarida terrasa hosil qilib joylashgan. SanMarino shahrida 13— 16-asrlarga oid minorali shahar devorlari (Il Montale, 13-asr), La Rokka (11-asr) va La Chesta (15-asr) qoʻrgʻonlari qoldiqlari saqlangan. Oʻrta asrlar va Uygʻonish davriga oid bino va cherkovlar 18—19-asrlarda koʻp marta taʼmirlanganligi sababli dastlabki qiyofasi oʻzgarib ketgan. 14—17-asrlarda yaratilgan sanʼat asarlari namunalari saqlanib qolgan. Tosh oʻymakorligi va keramika amaliy bezak sanʼatining anʼanaviy turlaridir. S.M.da Davlat kutubxonasi, Davlat arxivi; Davlat muzeyi, Davlat rasmlar galereyasi, Qad. qurollar muzeyi bor.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil