Salmanasar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Salmanasar — Ossuriyada hukmronlik qilgan shohlar nomi.

S. I — shoh (anʼanaviy sanaga koʻra, mil. av. taxminan 1280—60). Mitanni davlatiga qarshi otasi Adadnirari I tomonidan boshlangan urushni davom etgirgan. Mitanni qoʻshinlari va koʻmakchi xett va oromiy otryadlarini tormor qilib, amalda Mitannini yoʻq qilgan. S. I qoʻshinlarini Karxemishga yurishi xettlar va Misrga xavf tugʻdirgan. Bu Xett podshosi Xattusili III va Misr firʼavni Ramses II oʻrtasida sulh tuzilishini, shuningdek, XeggBobil ittifoqini qaytadan tiklanishini tezlashtirgan. Shimolida S. I Urartu qabilalari uyushmasini magʻlubiyatga uchratgan.

S III — shoh (mil. av. 859—825 yoxud 824). Ashshurnasirpal II (Ashshurnatsirapal)ning oʻgʻli va vorisi. BitAdini podsholigini (Frot daryosini oʻrta oqimi boʻylari) tobe etgan va Shimoliy Suriyadagi bir qator davlatlarga oʻlpon toʻlash majburiyatini yuklagan. S. III ning Damashq podsholigini egallash uchun qilgan harakati zoye ketgan. S. III Finikiyaning savdo shaharlari va Isroil podsholigidan oʻlpon olib turgan. Sharqda Midiya va Urartuga qarshi talonchilik yurishlari qilgan.

S V — shoh (mil. av. 727—722). Tiglatpalasar III ning oʻgʻli va vorisi. Ayni vaqtda Bobil podshosi (Ululay nomi bilan) boʻlgan. Tir va Isroil podsholigiga qarshi harbiy yurishlar qilgan. Muqaddas ibodatxonalar joylashgan shaharlarning (Ashshur, Sippar, Nippur va Bobil) dahlsizligini bekor qilgan, ular zimmasiga soliq toʻlash va turli majburiyatlarni yuklagan. 722-yil Samariya qamali chogʻida taxtdan agʻdarilgan.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil