Rul

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Rul (gollandcha — goyeg) — kema, uchish apparati va relssiz gʻildirakli mashinalarni boshqarish qurilmasi: 1) kema ruli — vertikal oʻq atrofida aylanadigan suyri plastina. Kemani kursda ushlab turish va suzib ketayotgan paytda burish uchun xizmat qiladi. Kemaning kuyrugʻiga (baʼzan, old qismiga) oʻrnatiladi. Suv osti kemalarida bunday vertikal R.dan tashqari kemaning tumshugʻi va quyrugʻida gorizontal R.lar ham boʻladi; 2) uchish apparati ruli — havo va gaz R.lariga boʻlinadi. Havo ruli — havoda aerodinamik kuch va aerodinamik moment hosil qilib, uchish apparatini boshqaradigan harakatlanuvchi sirt. Gaz ruli — gaz oqimi vujudga keltiradigan tortish kuchi yoʻnalishini oʻzgartiradigan qurilma. Uchish davomida havo ruli ish bermagan joylarda gaz ruli ishlatiladi. U gaz oqimining tortish kuchi yoʻnalishini oʻzgartiradigan plastinalardan iborat boʻlishi, hatto murakkab soplo apparatini tashkil etishi mumkin. Tik koʻtariladigan va qoʻnadigan samolyotlarda gaz ruli koʻtarilish va qoʻnish rejimlarida, raketa va kosmik kemalarda esa uchishning bosh uchastkalarida va havosiz boʻshliqda ishlatiladi; 3) relssiz gʻildirakli mashinalar (avtomobil, traktor va boshqalar) da rulli boshqaruv (yoʻnalishni oʻzgartirish mexanizmi)ning burish elementi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil