Romanov qoʻy zoti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Romanov qoʻy zoti — poʻstinbop teri beradigan dagʻal junli qoʻy zoti. XVIII asrda Yaroslavl guberniyasining Volgaboʻyi hududlarida mahalliy shimoliy kalta dumli qoʻylardan xalq seleksiyasi asosida yaratilgan. Qoʻchqorlarining tirik vazni 65—70, sovliqlariniki 45–55 kg. Qoʻchqorlaridan 2–3 kg, sovliqlaridan 1,5—1,7 kg jun olinadi. Juni uzunligi 3—8 sm. Junidan kigiz etik (piyma) bosiladi. Romanov qoʻy zotining jun qoplamida qiltiq tolaga nisbatan tivit tolalar koʻp, oʻrtacha nisbati 1:5, 1:6. Tivit tolasining uzunligi boʻyicha qiltiq toladan koʻp boʻlgani uchun jun qoplami oshlangan terida yotib (yassilanib) qolmaydi. Romanov qoʻy zotining eng muhim hislati ular tabiatan tugʻma serpushtdir. 100 qoʻydan oʻrtacha 225—235 qoʻzi olinadi. Ayrimlari 4 ta, hatto 6 tagacha qoʻzi tugʻadi.

1980-yillarida Romanov qoʻy zoti qorakoʻl qoʻylari pushtini oshirish maqsadlarida Oʻzbekiston qorakoʻlchilik institutida oʻrganilgan. Qorakoʻl sovliqlarini Romanov qoʻy zoti qoʻchqorlari bilan chatishtirishda eʼtiborga loyiq natijalar olingan, lekin tadqiqotlar hali yakunlanmagan[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil