Revmokardit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Revmokardit, revmatik kardit (yun. kardia — yurak) — revmatizm oqibatida kelib chiqadigan yurak kasalligi. Bunda yurakning ichki (endokardit), muskulli (miokardit) va tashqi (perikardit) qavatlari yalligʻlanishi mumkin. Bemor darmonsizlanadi, isitmalaydi, yuragi tez-tez uradi va ogʻriydi, nafasi qisadi. R.dan soʻng koʻpincha yurak poroklari kelib chiqadi. R. yengil kechganda (boʻgʻimlar yalligʻlanmay, kasallik belgilari roʻyirost koʻrinmaganda) kasallik bemorni bezovta qilmay, oʻtib ketishi ham mumkin, shunga qaramasdan yurakda jiddiy patomorfologik oʻzgarishlar yuzaga keladi. Shuning uchun ham revmatizmning dastlabki alomatlari vujudga kelganda darhol vrachga murojaat qilish zarur (qarang Revmatizm). R. qaytalaganda bemorning ahvoli ogʻirlashadi, qon aylanishi buziladi, shuningdek, yurak porogi va miokardda chandikli oʻzgarishlar paydo boʻlishi kuzatiladi. R.ning oldini olish va davolashda vrachga uchrashib, uning koʻrsatmalariga qatʼiy amal qilish kerak.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil