Kontent qismiga oʻtish

Rembrandt

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Rembrandt Harmenszoon van Rijn

Avtoportret. Rembrandt (1661).
Haqiqiy ismiRembrandt Harmenszoon van Rijn
Tavalludi 15-iyul 1606-yil
Leiden, Gollandiya
Vafoti 4-oktyabr 1669-yil(1669-10-04)
(63 yoshda)
Amsterdam, Gollandiya
Millati Golland
Sohasi Badiiy tasvir, grafika
Mashhur suratlari Danaë, 1636

Jacob de Gheyn III, 1632
Dr. Nicolaes Tulp'ning Anatomiya Darsi, 1632
Belshazzar Bazmi, 1635
Tungi Nazorat (rasm), 1642

Rembrandt Harmenszoon van Rijn (15-iyul, 1606 – 4-oktabr, 1669) gollandiyalik rassom va ofortchi boʻlgan. U Yevropa badiiy tasvir tarixidagi eng muhim musavvirlardan hisoblanadi. Golland sanʼatining eng gullagan davri XVII asr 40-60-yillariga toʻgʻri keladi. Bu buyuk golland rassomi Rembrandt ijodida namoyon boʻldi. Rembrandt golland sanʼatining yutuqlarini umumlashtirib, uni yangi yuksak pogʻonaga koʻtardi. Uning ijodi teran, gʻoyaviylik va chuqur mazmun, obrazlarining gʻoyat mahorat bilan ishlanganligi bilan eʼtiborni tortadi. Rembrandt oʻz davri sanʼatkorlaridan asarlari mavzusining rang barangligi bilan ham, rang tasvir, gravyura (ofort) va qalam-suratda yuksak asarlar yarata olishi bilan oʻzib ketdi. Rembrandt ijodining asosiy mavzusi-inson, hayoti, uning ichki manaviy dunyosi, his-tuygʻu va kechinmalarining rang-barangligidir. Uning qahramonlari kuchli irodaga ega, maʼnaviy boy, ogʻir shart-sharoitda ham insoniylik fazilatlarini saqlay oladigan shaxslardir. Rembrandt 1606-yili Leyden shahrida tegirmonchi oilasida tugʻilgan. Shu yerda lotin maktabini tugatgach, Leyden universitetiga qabul qilindi. Lekin Rembrandt u yerda 1-yilcha oʻqidi xolos. Rassomlikka boʻlgan qiziqishi tufayli Yakov Svanenbyurx degan oʻrtahol rassom ustaxonasida 3-yil, keyinroq esa Amsterdamda Piter Lastman ustaxonasida 1,5-yilcha tasviriyot asoslarini oʻrgandi. Soʻng rassom oʻz shahriga qaytdi. 1625-yili Rembrant oʻz ustaxonasini tashkil etdi. Uning ijodining dastlabki bosqichi 1632-yilgacha davom etgan. Bu yillarda rassom hayotiy, maishiy va diniy mavzularda asarlar yaratdi, portret ustida ishladi, avtoportretga eʼtibor berdi. Uning oʻsha davrlarda ishlangan asarlarida goh Lastman, goh qaravajochilar taʼsiri seziladi. 20-yillar oxiri va 30-yillar boshlarida rassomning oʻziga xos dastxati paydo boʻla boshladi. Uning qahramonlar maʼnaviy dunyosini ochishga intilishi orta boshlagan. Rassom nur-soya imkoniyati, rang surtmalarining ruhiy kuchiga alohida eʼtibor qaratgan. Ular obrazning hajmli va fazoviy tasviriga xizmat qilibgina qolmay, balki asarning taʼsirchanligini ochirishda ham muhim vositaga aylangan. Uning bir figurali „Apostol Pavel“ kompozitsiyalarida bu xususiyatlar koʻrinadi. Rassom bu yillarda, ayniqsa, avtoportret sohasida koʻp mehnat qildi. U inson mimikasi va uning kishi ichki dunyosi bilan aloqasini tushinib olishga harakat qildi. U ofort sanʼatida dastlabki mashqlarini boshlaydi. Sanʼatkor 1632-yili Amsterdamga koʻchib keldi va tezda eng mashhur rassomga aylandi. Buyurtma ishlarining koʻpayib borishi uning moddiy tomondan mustaqil boʻlib, atrofiga shogirdlarini toʻplashiga imkoniyat yaratdi. Amsterdamlik bir boy zodagonning Saskiya ismli qiziga uylanishi uning moddiy jihatdan mustaqilligini yanada mustahkamladi. Rassomning bu yillarda yaratgan asarlari koʻtarinki ruhda ishlangan. U kompozitsiyalarini yorqin boʻyoqlarda tasvirlaydi. Qimmatbaho buyumlar, gul va billurlar, liboslar uning yaratgan asarlarga quvonch va shodlik tuygʻularini bagʻishladi. Rembrandt qayligʻi Saskiyani gul va kimxob liboslarda tabiat va goʻzallik maʼbudasi Flora obrazida tasvirlaydi. Rassomning shu yillardagi baxtli damlarini uning „Saskiyani tizzasida olib oʻtirgan holda ishlagan avtoportreti“ (1636-yil) asari aks ettiradi. Rembrandtning Amsterdamda yaratgan dastlabki yirik asari „Doktor Tyulpning anatomiya darsi“ (1632-yil) unga katta shuxrat keltirdi. Doktorni oʻrab turgan vrachlar guruhini aks ettiruvchi bu asar kompozitsiyasi hayotiy chiqqan. Rassom tasvirlanuvchi har bir obrazning oʻziga hos qiyofasini yaratish bilan birga, ularning anatomiya darsi mashgʻulotlaridagi psixologik holatini ham ochishga ham muvaffaq boʻlgan. Tasvirlanuvchilar orasida dotor Tyulpning keng silueti va qoʻlining erkin harakati koʻrsatilgan kompozitsiyani markazlashtirishga va hamma obrazlarning yagona gʻoya atrofida birlashtirishga yordam bergan. Kompozitsiyaning yaxlit va tugal boʻlishida nur-soya ham muhim oʻrin tutgan. Nur kompozitsiya markazini yanada aniq boʻlishiga, doktor Tyulp atrofidagilarning holat va xarakteri tabiiy boʻlishiga imkon bergan. Rassom 1630-yilda grafika bilan jiddiy shugʻullana boshladi. Uning ofortlari Injil va Tavrotdan olingan syujetlarga ishlangan. Qalam suratlari ham oʻzining nafis va yuksak mahorat bilan ishlanishi jihatidan ajralib turadi. Shu yillarda rassom ijodida realistik tamoyillar chuqurlashib borgani seziladi. Bu, ayniqsa, mifologiyadan olingan sujetga ishlangan „Danaya“ suratida yaqqol namoyon boʻladi. Inson qomati plastikasini, duhoba singari mayin ayol badani terisining goʻzalligini rassom yuksak mahorat bilan tasvirlaydi. 1640-yillardan boshlab, Rembrandt ijodida yangi davr boshlandi va bu davr 1655-yilgacha davom etdi. Hayot haqiqatini toʻliq koʻrsatishga intilish, psixologik masalalarga qiziqishning oshib borishi rassomning erkin uslubda ijod qilishiga va uni yirik, oʻziga hos uslubga ega ijodkor darajasiga koʻtarilishiga olib keldi. Rassom shu yillarda ijodiy kamolot choʻqqisini egallab, insoniylik gʻoyalari bilan sugʻorilgan chuqur falsafiy asarlar yaratishga erishdi („Muqaddas oila“ (1645-yil), „Deraza oldida turgan Xendrike“ (1645-yil), „ Yan Siks portreti“). Shu yillardan rassom qalamsuratda ham ajoyib asarlar yaratdi. Biroq rassom hayotining soʻngi oʻn yilini nihoyatda qashshoqlik va xorlikda oʻtdi. Qarzlarini oʻz vaqtida toʻlay olmasligi tufayli oʻzi yashab turgan joyini tashlab, kambagʻallar yashaydigan kvartalga k`ochib oʻtishga majbur boʻldi. Bu yillarda uning oʻgli Titus va ikkinchi xotini ham vafot etishdi. Shunday xorlik va zorlikda qolganida ham sanʼatkor „Sindiylar“ (Sukno ishlab chiqarish sexining boshliqlari), „Assur Omon va Esfir“, „Adashgan oʻgʻilning qaytishi“ (1669-yil) kabi yuksak mahorat bilan oʻtkir psixologik asarlar yaratdi. „Adashgan oʻgʻilning qaytishi“ rassomning soʻngi yetuk asaridir. Bibliyadan olingan syujetga rassom koʻp murojaat qilgan. Mazkur mavzuda ofortlar ham ishlangan. Lekin uning rang tasvirdagi asarlari oʻzining psixologizmi va insonparvarlik ruhiga yoʻgʻrilgani bilan ajralib turadi. Otasi oyogʻiga yiqilgan ogʻil va uni otalik mehri bilan qarshilayotgan ota obrazi kishida chuqur his-hayajon uygʻotadi. Otaning oʻz ogʻli qilmishlarini kechirib, unga mehr va achinish bilan boqishida rassom hayot yoʻli nihohat mashaqqatli ekanligini zoʻr mahorat bilan ochib beradi. Otaning qoʻllari harakatida uning mehribonligi sezilib turadi. Aksincha, oʻgʻilning yalangoyoq, kir, yirtilgan, juldur kiyimda tiz choʻkkan holatda tasvirlab, afsuslanishni aks ettiradi. Kompozitsiyada tasvirlangan boshqa ovrazlarning sokin, osoyishta, chuqur hayolga choʻkkan holatlari aniq koʻrsatilishi boʻlayotgan voqea mazmunan toʻliqroq his etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Rembrandt qalamsurat va ofortchi sifatida ham mashhur. Uning ofortlari oʻzining gʻoyaviy yoʻnalishi, yuksak mahoratni namoyon etishi jihatidan uning rangtasvirda yaratgan asarlari bilan bir qatorda turadi. U ofort sanʼatida kichik hajmli lirik planda ishlangan suratlarini ham, koʻp figurali maishiy janrdagi asarlarini ham yaratdi. Ofortda ishlangan portretlari ham uning ijodida alohida oʻrin egallagan. Rembrandt ijodining ahamiyati Gollandiya uchun beqiyos boʻldi. Rembrandt realizimining qudratli kuchi shu davr rassomlarini oʻziga jalb etadi. Keyingi sanʼat taraqqiyotida ham muhim rol oʻynadi.

Rembrandt Harmens van Reyn (Rembrandt Harmensz van Rijn) (1606.15.7, Leyden – 1669.4.10, Amsterdam) – golland rassomi; golland va jahon realistik rangtasviriga kuchli taʼsir koʻrsatgan moʻyqalam, racm va gravyura ustasi. R. ijodi voqelikni va inson ichki dunyosini uning barcha ruhiy kechinmalari bilan teran falsafiy idrok etish bilan yoʻgʻrilgan. R.ning novatorlik sanʼati obrazlarning hayotiyligi bilan ajralib turadi.

R. Leyden universitetida qisqa muddat tahsil koʻrgach (1620), oʻzini sanʼatga bagʻishladi. Leydenda Ya. Van Svanenbyurx (1620—23) va Amsterdamda P. Lastman (1623)dan rangtasvirni oʻrgandi. 1625— 31 yillar Leydenda ishladi, bu davr ijodiy izlanishlar davri boʻldi. „Avliyo Pavel“ (taxm, 1629—30) va „Simon ibodatxonada“ (1631) asarlarida Rembrandt. ilk bor oʻzining obrazlarning koʻtarinki va hissiy joʻshqinligini ifodalashda nursoyani qoʻlladi; portret ustida izlandi, koʻplab avtoportret va portretlar turkumini yaratdi.

1632-yildan Amsterdamda yashagan. 30-yillarda yaratgan asarlari („Doktor Tyulpning anatomiya darsi“, 1632; „Saskiya bilan avtoportret“, 1635 va boshqalar)da guruh portret yaratish masalasini yangicha hal etdi, hayot zavqi, kishilar kayfiyatini katta mahorat bilan ifodaladi. Buyurtma portretlarni oʻta aniq, ijtimoiy xususiyatlari bilan ishlagan rassom yaqinlarining portretlarini chizishda, asarning ruhiy va taʼsirchanligini oshirishda erkin ijod qildi. 40-yillarda R.ning erkin intilishlari, realizmi, demokratikligi golland kiborlarining talablariga zid keladi, ayniqsa, vatanparvarlik kayfiyati aks etgan asarlari (jumladan, „Tungi soqchilar“, 1642)dan keyin ziddiyat yanada kuchayadi. 40-yillarda R. ijodidagi tashqi taʼsirchanlik va unga xos boʻlgan joʻshqinlik yoʻqoldi, sokin, iliklik bilan yoʻgʻrilgan asarlar yaratildi („David va Ionafan“, 1642; „Mukaddas oila“, 1645 va boshqalar), ularda ichki kechinmalar, mehnat ahlining koʻrki, maʼnaviy boyligi, tabiat manzarasi jozibador aks ettirildi. R. grafikasida ham rangtasvirida boʻlganidek nozik nursoya oʻyini alohida emotsional muhit yaratishda katta ahamiyatga ega boʻldi („Bemorlarni davolayotgan Iso“ yoki „100 guldenlik qogʻoz“ grafika varagʻi, taxminan 1642— 46; havo va nur harakatiga toʻliq manzarali „Uch daraxt“ oforti, 1643).

50-yillardagi hayotining ogʻir sinovlari davrida R.ning ijodiy barkamol davri namoyon boʻldi. Koʻproq portret janriga murojaat qilgan rassom ijodida oddiy odamlar keng oʻrin ola boshladi (2xotini Xendrikye Stoffels portretlari; „Oʻgʻlim Titus mutolaada“, 1657; „Burgamistr Yan Siks“ 1654 va boshqalar), armon va yoʻqotishlarga toʻliq keksalar hayoti uning diqqatini tortdi („Rassom akasining xotini“, 1654; „Qizil kiyimdagi moʻysafid“, taxminan 1652—54 va boshqalar), qoʻl va yuz qiyofalariga eʼtiborini qaratadi, obrazlarning qorongʻilikdan mayin nur ogʻushida chiqib kelishi orqali rassom obrazlarning teran ruhiy holatini berishga erishadi.

60-yillarda injil mavzuidagi kompozitsiyalarida oʻta dramatik holatlarga murojaat qiladi („Assur, Aman va Esfir“, 1660; „David va Uriya“, 1665 va boshqalar), „Adashgan oʻgʻilning qaytishi“ (taxminan 1668—69) asarida insonga xos anglash, qaygʻurish va kechirimlilik hislarini ifodalagan. R. badiiy merosi oʻta rangbarangligi bilan ajralib turadi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil