Raxit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Raxit (yun. rhachis — umurtqa), shirzada — yosh bolalarda uchraydigan kasallik. Organizmda vitamin D yetishmasligi tufayli fosforkalsiy almashinuvining buzilishi natijasida kelib chiqadi. R.ga koʻpincha bolaning chala tugʻilishi, quvvatsizligi, sunʼiy ovqatlantirish sabab boʻladi.

Bola yaxshi parvarish qilinmasa, ochiq havo va quyosh nuridan bahramand boʻlmasa, notoʻgʻri ovqatlantirilsa, uning organizmiga vitamin D yetarli miqdorda kirmaydi yoki ultrabinafsha nurlar yetishmasligidan terisida vitamin D hosil boʻlishi buzilib, R. kasalligi kuchayadi. Bundan tashqari, bolaning tez-tez kasallanishi, onaning homiladorlik vaqtida ovqat ratsionining buzilganligi ham R. kasalligiga sabab boʻladi. R. kasalligi moddalar almashinuvining buzilishiga qamda turli aʼzo va sistemalar ishining izdan chiqishiga olib keladi. Bu kasallikda fosfor va kalsiy kabi mineral tuzlar almashinuvi ayniqsa kuchli buziladi. Ichakda kalsiyning soʻrilishi va suyaklarga oʻtirishi oʻzgaradi, bu — suyakning ingichkalashib, toʻqimalarining yumshashiga, nerv sistemasi va ichki aʼzolar ishining buzilishiga sabab boʻladi.

Kasallikning dastlabki davrida bemorning nerv sistemasida oʻzgarishlar roʻy beradi: bola qoʻrqoq, tajang , injiq yoki shalvillagan boʻlib qoladi; koʻp terlaydi, emayotganida yuzi, yotganida ensasi terga botadi. Bolani qichima bezovta qilganligi uchun u boshini yostiqqa ishqayverganidan orqa sochi toʻkilib ketadi. Kasallik kuchayganda muskullar zaiflashadi, burishadi; kasal bola sogʻlom bolaga nisbatan kech yuradi, qorni shishadi, ichi koʻpincha qotadi yoki suradi, keyinchalik suyak sistemasi oʻzgaradi: yelka suyagi yassilanadi, boshi kattalashadi, peshona va kallaning tepa suyagi turtib chiqadi, peshona doʻng boʻlib qoladi, kalla tepa suyagi va ensa sohasidagi suyakning yumshashi kuzatiladi. Boshning katta liqildogʻi oʻz vaqtida suyaklanmaydi. Koʻpincha toʻsh yonidagi qovurgʻa suyaklari qalinlashadi. Bola yura boshlaganida oyoklari X shaklida yoki O shaklida qiyshayadi. Koʻkrak qafasining shakli ham oʻzgaradi: yo oldinga turtib chiqadi yoki ichiga kirib ketadi.

R.ga uchragan bolalar turli yuqumli kasalliklarga (ayniqsa, zotiljamga) moyil boʻladi.

R. kasalligining oldini olish tugʻruqqacha boʻlgan davrda boshlanadi. Homilador ayol mumkin qadar toza havoda koʻproq boʻlishi, rejimga qatʼiy rioya qilishi, toʻgʻri ovqatlanishi kerak (qarang Ovsatlanish).

Bola tugʻilganidan keyin uni parvarish qilishning barcha qoidalariga rioya qilish va iloji boricha koʻkrak suti bilan boqish lozim (qarang Goʻdak).

R.ni davolashda vrachning koʻrsatmasiga muvofiq, vitamin D boshqa dorilar bilan birgalikda beriladi. Zarur boʻlgan hollarda vrachning tavsiyasiga muvofiq davo gimnastikasi, massaj, kvars lampasi bilan nurlantirish oʻtkaziladi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil