Randa

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Randa — duradgorlik ishlarini bajarishda yogʻoch sirtini tekislash va silliqlash (randalash) uchun moʻljallangan asbob. Dastaki, elektr va mexanik turlari bor. Dastaki R. metall yoki yogʻoch asos, keskich (tigʻ) va ponadan iborat. Asosning pastki qismi kaft deb ataladi. Yassi yuzalarni ishlaydigan R. kafti yassi, egri sirtli va shakldor yuzalarni ishlaydigan R. kafti oʻsha yuzalar shaklida boʻladi. R. asosidagi poʻlat keskich oʻrnatish uchun teshik ochilgan; bu teshik pastga tomon asta-sekin torayib borib, uya hosil qiladi. Randalash paytida payraha shu uyadan tashqariga chiqib ketadi. Asosning oʻlchami, profili, keskichining oʻrnatilish burchagiga koʻra, R. quyidagi xillarga boʻlinadi; sherx yebel (keskichning tigʻi yarim aylana shaklida) — dagʻal randalash uchun; bir v a ikki keskichli (payraxa singdirgichli) va medvedka (qoʻsh qulokli) R. — tozalab randalash uchun; japs va yarim japs (daroz) R. — tozalab randalash, katta sirtlarni randalash va qismlarni birbiriga toʻgʻri keltirish uchun; shliftik R. — yupqa payraha olish uchun; sinubel — detal sirtlarida mayda yoʻllar (yelimlash maqsadida) ochish uchun; konish R. (zenzubel) — detal chekkalarida chorak (tirnoq) ochish uchun; falsgobel R. — detalda chorak (tirnoq) ochish uchun; gruntubel R. — koʻndalanggiga trapetsiya shaklidagi oʻyiq ochishda qoʻllaniladi; nov randa — detallarda turli naqshli profillar ochishda ishlatiladi; b u kri R. — egri (botik, va qabariq) sirtlarni randalashda foydalaniladi. Elektr R. — elektr motor yordamida aylanib turadigan ikki yoki toʻrt pichokdan iborat. Elektr R. bilan yogʻochni 0,75—2,0 mm qalinlikda payraha hosil qilib randalash mumkin. Mexanik R. (randalash dastgohi) tekis va shakldor, metall va yogʻoch sirtlarga ishlov berish uchun moʻljallangan qurilma. U support, polzun va qisqichdan iborat. Asosiy harakati (randalash) ilgarilamaqaytma, surish harakati davriyilgarilama. Koʻndalang randalash va boʻylama randalash dastgoxlari bor. Koʻndalang randalash dastgoxlarida asosiy harakatni support va polzun bilan birga keskich bajaradi, boʻylama randalash dastgohlarida esa ishlov beriladigan taxta harakatlanib turadi. R.lar kurilishda, yogʻochga ishlov berish korxonalarida, uyroʻzgʻorda va boshqa joylarda ishlatiladi.

Adabiyot[tahrir]

  • Gurvich A.O., Duradgorlik ishlari, T., 1966; Kreyndlin L.N., Stolyarnie raboti, M., 1986; Bozorboyev N., Uyjoy quruvchilar uchun 1001 maslahat, T., 1990.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil