Radiofizika

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Radiofizika — fizikaning radiotexnika va unga bogʻliq texnika sohalari asosini oʻrganish bilan shugʻullanadigan boʻlimi. Unda chastotalari 103 Gs dan 1015 Gs gacha boʻlgan elektromagnit tebranishlar va toʻlqinlarning uygʻonishi, nurlanishi, muhitda tarqalishi, qabul qilinishi hamda parametrlari (chastota, amplituda, faza va boshqalar)ning oʻzgarishi; toʻlqinni hosil qilayotgan oʻzgaruvchi elektr va magnit maydonlarning vakuumdagi va jismdagi zaryadlar bilan oʻzaro taʼsirlari oʻrganiladi.

Radiotexnika, radioaloqa, radioeshittirish va telekoʻrsatuvlar kabi sohalarning keng koʻlamda rivojlanishi natijasida 20-asrning 30—40-yillarida R. toʻla shakllandi. R.ning asosiy vazifasi: 1) tebranma tizimlarda vujudga keluvchi elektr va magnit tebranishlarni barcha parametrlari bilan nazariy va amaliy jihatdan oʻrganish. Bundan 1—2 Gs dan 10" Gs gacha va undan yuqori chastotali tebranishlar hosil qilishning yangi usullarini ishlab chiqishda foydalaniladi; 2) radiodiapazondagi elektromagnit toʻlqinlarining vakuumdagi, gazlar va qattiq jismlardagi tok tashuvchilar — zaryadlar bilan oʻzaro taʼsirini oʻrganish. Vakuumdagi elektron oqimning elektromagnit maydon bilan oʻzaro taʼsirini oʻrganish natijasida elektron lampalar va elektron asbob (magnetron, klistron) lar ixtiro kilindi. Elektromagnit maydonning ionlashgan gazlar oʻzaro taʼsirini oʻrganish natijasida gaz razryadli asboblar yaratildi. Radiodiapazondagi elektr tebranishlar va toʻlqinlarning yarimoʻtkazgich, dielektrik kristallar va oʻta oʻtkazuvchan qurilmalardagi elektron jarayonlari bilan oʻzaro taʼsirini oʻrganish natijasida generatorlar, kuchaytirgichlar (yarimutkazgichli diod, tranzistor va boshqalar) yaratildi; 3) radiotoʻlqinlarning nurlanishi va tarqalishini oʻrganish. Turli xil antennalardan elektromagnit toʻlqinlarning nurlanishi va ularning muhitdagi tarqalishini nazariy va amaliy oʻrganish radioaloqa tizimini yaratishda muhim ahamiyatga ega. Radiosignallarni Yerdan tashqarida yoki uning ichida tarqalishi ham muhim masalalardan biri boʻlib, R. ularni atmosfera, troposfera, ionosfera va kosmik fazoda tarqalishini barcha geofizik va kosmik koʻrsatkichlarini hisobga olib, geofizika bilan birga oʻrganadi.

R.ning rivojlanishi yangi hodisalarning ochilishi va ularni amalga oshirish bilan; uning muvaffaqiyatlari yaqin sohalar — dielektriklar fizikasi, yarimoʻtkazgichlar fizikasi, kvant elektronika, oʻtkazgichlar fizikasi bilan uzviy bogʻliq. R.ning baʼzi boʻlimlari fizikaning mustaqil sohasi (radioastronomiya, radiospektroskopiya, radiometeorologiya va boshqalar) boʻlib qoldi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil