Qurtana

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qurtana — karamguldoshlarga mansub bir yillik begona oʻt. Oʻrta Osiyoning sugʻorma dehqonchilik mintaqalarida tarqalgan. Poyasi tik, sershox, boʻyi 40—150 sm. Barglari uzun bandli, patsimon kesikli, tukli, navbatlashib joylashgan. Gullari yarqiroq sariq, roʻvak toʻpgulga yigʻilgan. Mevasi koʻp urugʻli qoʻzoq. Ildizi oʻqildiz. May — oktabrda gullaydi va mevalaydi. Urugʻidan koʻpayadi. Urugʻlari 16—24° da koʻkarib chiqadi. Maysasi mart — mayda, avgust— sentabrda paydo boʻladi va qishlaydi. Kuzgi don ekinlarini zararlaydi. Sabzavot-poliz ekinlari orasida, paxta dalalarida, bedazorlarda, shuningdek, ariq, yoʻl yoqalarida, uy-hovlilar atrofida, mevazor, tokzorlarda uchraydi.

Kurash choralari: kuzgi ekinlar bahorda boronalanadi, qishlaydigan begona oʻtlarning maysalari yoʻqotiladi, cho-piq qilinadigan ekinlar orasi vaqtida yumshatiladi, gerbitsidlar purkaladi.