Qurolli kuchlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Qurolli kuchlar - harbiy harakatlar (hujum yoki mudofaa) olib borish hamda davlat xavfsizligini taʼminlash maqsadida davlat tomonidan taʼminlanuvchi qurollangan kishilarning uyushgan birlashmasi; siyosiy hokimiyatning muhim tarmogʻi.

Qurolli kuchlarning vujudga kelishi jamiyatning sinflarga ajralishi va davlat paydo boʻlishi bilan bogʻliq. Quldorlik davlatlarining qoʻshinlari, asosan, harbiy yoʻlboshchilar yoki shohlarning drujinalaridan, erkin xalq lashkarlaridan iborat boʻlgan. Misr, Yuno-niston, Rim va boshqa davlatlarda harbiy-dengiz floti tuzilgan. Mulkchilik munosabatlari rivojlana borgan sari vassalliklar lashkarlari Qurolli kuchlarning asosini tashkil etgan. Har bir mulkdor mohir jangchi boʻlib, oʻz qurolli otryadiga ega boʻlgan. Gʻarbiy Yevropada piyoda askarlar ahamiyatini yoʻqotib, ogʻir qurollangan otliq ritsarlar asosiy kuchga aylangan. Sharqda arablar, turklar, moʻgʻullar va boshqalarning davlatlarida Qurolli kuchlar, asosan, ogʻir va yengil qurollangan otliq askarlardan iborat boʻlgan (qarang Armiya).

18-asr oxirida Yevropa davlatlari (Fransiya va boshqalar)da umumiy harbiy xizmat majburiyati joriy etildi. 19-asr oxirlariga kelib rivojlangan davlatlar Qurolli kuchlari soni keskin koʻpaydi. 20-asr boshlarida yangi jangovar texnika paydo boʻldi, transportning rivojlanishi kadr prinsipi asosida tuzilgan armiya va harbiydengiz floti yaratilishiga olib keldi. Keyinchalik qurollanish poygasi avj oldi va yirik davlatlar qurolli kuchlari jadal koʻpaya boshladi. Fan va texnikaning eng yangi yutuklaridan harbiy maqsadlarda foydalanish keng yoʻlga qoʻyildi. Yangicha qoʻshin turlari vujudga keldi.

Ikkinchi jahon urushi davrida Qurolli kuchlar ham miqdor, ham sifat jihatdan oʻsdi. Qoʻshinlar mexanizatsiyalashtirildi va motorlashtirildi, artilleriya va tanklar soni ortdi, reaktiv artilleriya va ballistik hamda qanotli raketalarning dastlabki namunalari paydo boʻldi. Harbiy-havo kuchlari va harbiy-dengiz floti rivojlandi. Operativ birlashmalar (quruqlikdagi qoʻshinlarda — front yoki armiyalar guruhi, harbiy-dengiz flotida — flot) vu-judga keldi. 1945 yil AQShda, 1949 yil sobiq SSSRda, keyinroq Buyuk Bri-taniya, Fransiya va Xitoyda atom quroli paydo boʻldi.

Qurolli kuchlar turlariga quyidagilar kiradi: quruqlikdagi qoʻshinlar, strategik maqsaddagi raketa qoʻshinlari, mamlakatni havo hujumidan mudofaa qilish qoʻshinlari, harbiy-havo kuchlari, harbiidengiz floti. Qurolli kuchlar turlari boʻlinma, qism, qoʻshilma, shuningdek, birlashma (asosan, urush davrida)larga uyushgan qoʻshin turlari va maxsus qoʻshinlardan tashkil topadi. Qurolli kuchlarda yagona tashkiliy tizim, shaxsiy tarkibni oʻqitish va tarbiyalashning , komandir kadrlarni tayyorlashning , xizmatni oʻtashning umumiy tartibi mavjud. Taraqqiy etgan davlatlarning zamonaviy Qurolli kuchlari eng yangi jangovar texnika, shuningdek, raketa-yadro quroli bilan taʼminlangan boʻlib, yuksak tayyorgarlikka, keng jangovar imkoniyatlarga ega (yana q. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari).