Qungʻir koʻmir

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qungʻir koʻmir — koʻmirlanish darajasi eng past boʻlgan qazilma koʻmir, torfning toshkoʻmirga aylanishdagi shakli. Qungʻir koʻmir torfdan oʻta zichligi va ajratib turuvchi qoldiqlarining kamligi bilan; toshkoʻmirdan esa qoʻngʻir rangi bilan ajralib turadi. Qungʻir koʻmir havoda mayda boʻlaklarga boʻlinib ketadi. Ular uchun gumin kislotasining koʻpligi, yuqori gigroskopiklik va namlik xosdir. Qungʻir koʻmirning yonuvchi massasida uglerod 55—78%, vodo-rod 4—6,5% va undan koʻproq, kislo-rod 15—30% boʻladi; yonuvchi massaning yonish issiqligi 22,6 — 31,0 MJ/kg (5400—7400 kkal/kg); birlamchi smolaning chiqishi 5—20% va undan koʻproq; koʻmirning petrografik tarkibiga nisbatan yonuvchi moddalarning tarkibi 65 dan 40% gacha boʻladi. Qk.ning rangi och sariqdan qoragacha; zichligi 1,2—1,5 g/sm3. Yuqori temperatura va bosimning uzoq muddatli taʼsiri natijasida Qungʻir koʻmirlar toshkoʻmirga, ular esa antratsitga aylanadi. Genetik belgilariga koʻra Qungʻir koʻmir yumshoq, qattiq va tuproqsimon turlarga boʻlinadi. Qungʻir koʻmirning katta konlari va hav-zalari mezozoy va kaynozoy davrlari uchun xos. Q.klar kichik qatlamlardan tortib juda katta qatlamlar (100– 120 m) hosil qilgan. Dunyo boʻyicha qazib olinayotgan koʻmirning 20% Qungʻir koʻmirga toʻgʻri keladi. Uning konlari xorijda Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston, Polsha, Germaniya va AQShda mavjud. Oʻzbekistonda Angren koʻmir konida, xorijda Shoʻrob koʻmir konida qazib olinadi. Qungʻir koʻmirdan energetik yoqilgʻi va kimyoviy xom ashyo sifatida foydalaniladi.