Kontent qismiga oʻtish

Qoziaskar

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Qoziaskar, qozi oʻrdu — musulmon sharqi mamlakatlarida harbiy xizmatdagilarning boshlig'i. Xiva xonligida lashkar va qoʻshindagi qonun-qoidalar ustidan nazorat qilib, sharʼiy masalalarni hal qilgan. Baʼzi hollarda iltimosiga muvofiq harbiy boʻlmagan kishilarning ishlarini ham koʻrish uchun qabul qilgan. Xon safarga chiqqanida qoziaskar unga hamroh boʻlib, oʻz vazifasiga tegishli ishlar boʻyicha xonga shaxsan oʻzi maʼlumot bergan. Qoziaskar rasmiy qabul marosimlarida xonning oʻng tomonida qozikalondan keyin, ikkinchi oʻrinda oʻtirgan;

2) Usmonli turk imperiyasida XIV asr oʻrtalaridan harbiy-sud tabaqasi boshligʻi, sulton devoni aʼzosi. Qoziaskar harbiy ishlar, XV asrda shayxulislom mansabi joriy etilguncha esa diniy ishlar yuzasidan ham devonga tushgan shikoyat arizalarini koʻrib oʻzining yakuniy qarorini chiqargan. 1481-yildan ikki ta qoziaskar boʻlgan:

  1. Rumeli qoziaskari (saltanatning Yevropa qismi uchun);
  2. Anadolu qoziaskari (saltanatning Osiyo va keyinchalik Afrika qismi uchun)

Rumeli qoziaskar rutbasi balandroq boʻlgan. Qoziaskarlarga shartli yer mulki (arpalik) va xazinadan maosh toʻlangan. Sulton Mahmud II ning harbiy islohotlari natijasida (XIX asrning 20–30-yillari) qoziaskarlar real hokimiyatdan mahrum boʻlishgan, lekin 1922-yil sultonlik barham topguniga qadar oliy diniy martaba sifatida nomigagina mavjud boʻlgan[1].

  1. „Qoziaskar“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (Q-harfi). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2000–2006-yillar.