Qovurdoq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Qovurdoq

Qovurdoq tayyorlash jarayoni

Qovurdoq — 1) goʻsht, kartoshka, tuxum, guruch va boshqalardan tayyorlanadigan taom. Qizigan yogʻda oʻrtacha kattalikdagi kartoshkani 2 ga boʻlib qizartirib qovurib olib qoʻyiladi. Goʻsht qovuriladi, soʻngra qovurilgan kartoshka, piyoz, zira, tuz aralashtirilib qovurish davom ettiriladi. Qovurma ustiga guruch aralashtirilgan qiymadan tayyorlangan doʻlmalar terib ozroq qaynoq suv quyilib, dimlab qoʻyiladi. Alohida idishda tuxumlar bittalab chalaroq qovurib olinadi. Dasturxonga goʻsht, kartoshka, doʻlma, tuxum qoʻyib koʻkatlar sepib tortiladi. Bu taom asosan, kuyov yoʻqlar, chaqaloqni yoʻqlash, beshik toʻyi va boshqa marosimlarda tayyorlanadi;2) yangi soʻyilgan qoʻy, echki, buzoq, qoramol yoki kiyik, togʻ echkisi kabi hayvonlar goʻshtini uzoq saqlashning qadimiy usuli. Goʻsht suyaklari bilan loʻnda-loʻnda (50—60 sm) qilib chopilib yaxshilab tuzlanib, ziralab dogʻlangan yogʻda qovuriladi. Yaxshi qovurilgan goʻsht xum, koʻza yoki sirlangan qopqoqli idishga joylanadi va ustiga yogʻi quyiladi (yogʻ goʻshtni koʻmib turishi shart). Q. suyuq va quyuq taomlarga ishlatilishi, salat, sabzavotlar va non bilan yaxna ovqat sifatida isteʼmol qilinishi mumkin.